Gaiti ko‘chalari bir necha oydan beri avtomobil shinalarini yoqib, banklarga bostirib kirib, do‘konlarni o‘margan g‘azabnok namoyishchilarga to‘lib ketgan edi. Bezorilar, ba’zan politsiyaning jimgina kuzatuvi ostida, rohibalar, mevafurushlar va hatto o‘quvchi qizlarni pul ilinjida o‘g‘irlab ketayotgandi. 7-iyulga o‘tar kechasi qurollangan jangarilar guruhi prezident Jovenel Moiz xonadonini ishg‘ol qilib, tap tortmay uni otib tashlagach, Gaiti tartibsizliklar girdobiga yanada chuqurroq botdi.

Gaiti prezidenti o‘ldirilgan kunda bolalar poytaxt Port-o-Prensning kimsasiz ko‘chalaridan biri sayr qilib yuribdi.

Foto: Associated Press / Joseph Odelyn / The New York Times

Gaitiliklar deyarli har safar “endi bundan-da battarroq ko‘rgulikka duch kelmasak kerak” deb o‘ylaganida, mamlakat navbatdagi mash’um burilishni amalga oshiradi va ayni damda ham prezidentsiz, parlamentsiz yoki amaldagi Oliy sudsiz bir siyosiy bo‘shliq yoqasida chayqalmoqda.

Mamlakatdagi boshboshdoqlik Gaitini bir necha o‘n yillar ichida Afg‘oniston va Somali kabi o‘zining umidsizlik darajasi bilan nom chiqargan mamlakatlar reytingida eng yuqori pog‘onaga olib chiqdi. Dunyodagi eng boy davlat soyasi ostidagi bu mamlakatni kuzata turib, odamlar hayrat bilan bir savolni takrorlaydi: Gaiti qanday qilib bu ahvolga tushdi?

Gaitidagi beqarorlikning tarixi uzun: uning ildizi 1804-yili Napoleon kuchlarini mag‘lub etgach mustaqillikni qo‘lga kiritgan sobiq quldorlik koloniyasidan boshlanib, keyinchalik 20 yilcha davom etgan va 1986 yildagina nihoyasiga yetgan shafqatsiz diktaturaga ulanadi. Mamlakatni vayronaga aylantirgan 2010-yilgi kuchli zilziladan so‘ng chet eldan kirib kelgan xorijiy yordam va tinchlikparvar kuchlar Gaitining kulfatlari va beqarorligini kuchaytirsa kuchaytirganki, aftidan, kamaytirolmagan.

Gaitilik ayol 2010-yilgi zilziladan so‘ng oziq-ovqat yordami solingan qutini qabul qilib olmoqda.

Foto: The New York Times / Damon Winter

Gaitining ko‘ngilsizliklari vakuum ichida ro‘y bermagan; xalqaro hamjamiyat so‘nggi o‘n yilda ushbu mamlakatga 13 milliard dollar miqdorida yordam puli yo‘naltirgan. Biroq davlat qurilishini tashkil qilish o‘rniga — pullar esa aynan shu maqsad uchun ajratilgan edi — so‘nggi yillarda Gaiti davlat tuzilmalari battar huvillab qoldi.

O‘tgan yili, prezident parlamentning vakolatlarini tugatishga ruxsat berganidan so‘ng, 11 million aholi yashaydigan Gaitida xalq saylagan faqat 11 kishi — prezident Moiz va 10 nafar senator qoldi. Bu hol Vashington tomonidan qat’iy qoralangan bo‘lsa-da, jiddiy oqibatlar keltirib chiqargani yo‘q. Keyingi yarim yil davomida, o‘ldirib ketilguniga qadar, prezident mamlakatni farmonlar bilan boshqarib kelayotgandi.

Gaitiga “qulagan davlat” ta’rifidan ko‘ra xalqaro hamjamiyatning milliardlab dollarlik yordam pullariga umid qilib jon saqlaydigan, tahlilchi ta’biri bilan aytganda, “ehsontalab davlat” ta’rifi ko‘proq mos. Gaitining butkul zavolga yuz tutishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida xorijiy hukumatlar o‘z yordam jo‘mraklarini berkitib qo‘yishga hech jazm qilmaydi.

Ammo bu pullar Gaiti uchun hayotni yanada murakkablashtiruvchi vosita o‘laroq xizmat qildi — hukumat mamlakatni oyoqqa turg‘azish uchun zarur bo‘lgan tadrijiy islohotlarni amalga oshirishga o‘zida zarur darajada rag‘bat topa olmadi. Chunki har safar vaziyat yomonlashganida Gaiti rahbariyati xalqaro hamkorlar o‘z sandiqlarini ochib, yana yordam berishidan umidvor bo‘ladi, deydi tahlilchilar va gaitilik faollar. Bu yordam mamlakat va uning yetakchilariga qo‘llov bo‘ldi, yirik miqdordagi gumanitar yordamga muhtoj mamlakatga hayotiy muhim bo‘lgan xizmat va ta’minot buyumlarini yetkazib berdi. Ammo, shuning barobarida, korrupsiya, zo‘ravonlik va siyosiy falajlikni nazoratsiz qoldirishga ham imkon yaratdi.

2010-yilgi zilziladan so‘ng Port-o-Prensdagi futbol stadionida tashkil etilgan chodirlar shaharchasi.

Foto: The New York Times / Ruth Fremson

Gaiti siyosatchilari — xususan, hukumat — garchi buni rad etsa-da, saylovlarni o‘z foydasiga hal qilish va siyosiy ta’sir doirasini kengaytirish uchun an’anaviy tarzda jinoiy to‘dalarning yordamiga tayanib keladi. Moiz prezidentligining oxirgi uch yilida rasmiylar va politsiyaga aloqador deb taxmin qilinadigan to‘dalar tomonidan amalga oshirilgan o‘ndan ortiq qirg‘in hukumatga qarshi kayfiyatdagi aholi yashaydigan hududlarda 400 dan ziyod odamning boshiga yetgan, 1,5 million kishini boshqa joyga ko‘chishga majbur qilgan edi. Ammo bu jinoyatlar uchun birov tayinli javobgarlikka tortilmadi.

Siyosiy yo inson huquqlari bilan bog‘liq mojarolar qaynagan paytda AQSh hukumati ayovsiz aybnomalar chiqaradi. Gaiti fuqarolik jamiyati yetakchilarining ta’kidlashicha, islohotlar tomon eltadigan uzoq yo‘lni bosib o‘tish va ishlaydigan tizimni yaratish o‘rniga, AQSh Gaitining kuchli odamlarini qo‘llab-quvvatladi va millat taqdirini ham ularga bog‘lab qo‘ydi. Aksariyat gaitiliklar prezident Moizning AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini bir necha bor qoralagan, biroq buni to‘xtatish uchun ular ixtiyorida yetarlicha kuch yo‘qligini ham tan olishgan.

“Biz 2018-yildan buyon hisobdorlikni talab qilamiz”, — deydi gaitilik siyosiy ekspert Emmanuela Duyon. U yil boshida AQSh Kongressida ko‘rsatma berib, rasmiy Vashingtondan Gaiti bo‘yicha tashqi siyosat va yordam ko‘rsatish uslubini o‘zgartirishga chaqirgan edi. “Bizga xalqaro hamjamiyatning o‘zi to‘g‘ri deb o‘ylagan narsalarni Gaitiga tiqishtirishni bas qilib, uzoq muddatli istiqbol va barqarorlik haqida o‘ylashni boshlashi kerak”, — deydi Duyon xonim. AQSh Gaitiga yordam davlat tuzilmalarini tozalash va isloh qilish sharti bilan berilishini mamlakat yetakchilariga tushuntirishi kerak. Bundan tashqari, Gaitidagi qudrat egalari mamlakat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan zo‘ravonlik va korrupsiya uchun javobgarlikka tortilishi kerak.

“Xalqaro aralashuv va qo‘shinlar yuborishga ko‘plab da’vatlar bo‘ladi, ammo ortga bir qadam tashlab, bundayin aralashuv vaziyatga qanchalik ijobiy ta’sir qilganini ko‘rib chiqish ham muhim ahamiyatga ega”, — deydi Vashingtondagi Iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi xodimi Jeyk Jonston; “ehsontalab davlat” atamasi muallifi ham u. “Gaitidagi ‘davlat qurilishi’ deb nomlangan jarayonga milliardlab dollarlar sarflandi va bu davlatning yanada yemirilishiga xizmat qilib bo‘ldi. Endi, ‘buni yanada kuchaytirish kerak’, deyish mumkin, ammo bu ish bermaydi”, — deydi Jonston.

2021-yil may oyida, Davlat bayrog‘i kunida tashkil etilgan hukumatga qarshi norozilik namoyishining ayrim ishtirokchilari.

Foto: EPA, via Shutterstock / Jean Marc Herve Abelard / The New York Times

7-iyulga o‘tar kechasi Jovenel Moizning o‘ldirilishi mamlakatning o‘n yillik shafqatsiz yangi tarixidagi yana bir bobni ochib berdi. Moizning qarorgohiga hujum qilgan qotillar 2016-yilgi saylovda atigi 600 ming kishining ovozi bilan hokimiyat tepasiga kelgan prezidentni o‘ldirdi. O‘shanda ovoz berishda saylovchilarning bor-yo‘g‘i 18 foizi qatnashgan, saylov jarayonida qonun buzilishi holatlari yuz berganiga doir ayblovlar ko‘plab yangragan.

Shunga qaramay, 2019-yili Gaiti hukumatiga ko‘rsatilgan xalqaro yordam izsiz yo‘qolgani fosh bo‘lib, prezidentni hokimiyatdan chetlatishga chaqiriqlar yangraganida, AQSh nomi chiqmagan va serziddiyat Moizni qo‘llab-quvvatlagan edi.

2020-yil fevralida Moiz prezidentlik lavozimida yana bir yil qolishi kerakligi haqida bayonot berdi, bunga asos sifatida saylovdagi qonunbuzarliklar tergovi bahonasi bilan shuncha uzoq muddat prezidentlik lavozimiga kirishishga ruxsat berilmaganini ko‘rsatdi. Fuqarolik jamiyat vakillari undan iste’fo talab qilganiga qaramay, Vashington Moizni qo‘llab-quvvatladi. Tanqidchilar uning hokimiyat tepasida qolishi konstitutsiyaga zid ekanini ta’kidlagan bo‘lsa, ko‘chalarda poytaxt Port-o-Prensni beqarorlik va zo‘ravonliklar jariga yanada chuqurroq uloqtirgan g‘alayonlar avj oldi.

AQShning davlatchilik qurish bo‘yicha yana bir muvaffaqiyatsiz urinishiga Gaitidan minglab kilometr uzoqlikda, Afg‘onistonda guvoh bo‘lish mumkin. Qo‘shma Shtatlar u yerni tark etishdan avval mamlakat ustidan nazoratni “Tolibon”dan tortib olish uchun 20 yil harakat qildi. AQSh o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi bilan afg‘on harbiylari yo o‘z bazalarini tark etmoqda, yo ommaviy tarzda toliblarga taslim bo‘lyapti. Xalqaro hamjamiyat bu mamlakatga 2001-yildan buyon 2 trillion dollardan ziyod yordam ko‘rsatgan.

AQSh va xalqaro sheriklarining Gaitida va butun dunyo bo‘ylab milliy davlatchilik qurish yo‘lidagi urinishlari barqaror ishlaydigan davlatlarni tashkil etish uchun ko‘p ham xizmat qilgani yo‘q. Aksincha, qisqa muddatli istiqbolda tez va oson barqarorlikka erishish uchun xalqning ko‘pchilik qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan — Moiz kabi — ziddiyatli ijrochilarni hokimiyat tepasiga olib chiqadigan tizimlar yaratildi, xolos.

Gaiti poytaxti Port-o-Prensning 2010-yilgi zilziladan keyingi ahvoli.

Foto: The New York Times / Lynsey Addario

Masalan, AQSh Afg‘onistonda o‘zini siyosiylashtirib, siyosiy institutlarni yo‘qqa chiqarib tashlaydigan, oxir-oqibat o‘ldirilganida yoki ag‘darib tashlanganida o‘zidan bo‘shliq qoldirib ketadigan dala qo‘mondonlari va kuchli shaxslarga tayandi.

Gaiti va Afg‘onistondagi fuqarolik jamiyatlari yetakchilari AQShni ushbu davlatlarga o‘z siyosiy tuzilmalarini mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlashda, har qanday siyosiy yetakchidan-da uzoqroq yashab, uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlaydigan demokratik tizimlarni yaratishda yordam ko‘rsatishga chaqirib keladi.

Amerikaning doimiy qo‘llovi ostida Moiz borgan sari avtokratik prezidentga aylanib borayotgan edi, jumladan, u o‘tgan yil oxirida qabul qilgan aksilterror qonunining tushunchalari shu qadar keng ediki, bemalol muxolifatga qarshi qo‘llasa bo‘lardi.

2020-yil boshida esa u harbiylarning vakolatlarini kengaytirishni, shuningdek, kelgusi prezidentlarning ketma-ket ikki muddatga saylanishiga ruxsat beruvchi yangi konstitutsiyani yozmoqchi ekanini e’lon qilgandi. Bunday katta zo‘ravonlik to‘lqinida saylov o‘tkazish ovoz berish jarayonida saylovchilar faolligini susaytirishi va Gaitidagi kurashlarga sababchi bo‘lgan siyosiy kuchlarni qaytadan hokimiyatga olib chiqishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, Moiz Konstitutsiya bo‘yicha referendum va milliy saylovlarni sentabrga belgilagandi. AQSh uning bu rejalarini ham qo‘llab-quvvatlagandi.

“Hozirgi lahzalarni imkoniyat sifatida ko‘rish qiyin, hozirgi holat, katta ehtimol bilan, boshboshdoqlik va tartibsizliklarni yanada kuchaytiradi, — deydi inson huquqlari buzilishi jabrdiydalariga yuridik yordam ko‘rsatuvchi Gaitidagi Adolat va demokratiya instituti katta yuristi Aleksandra Filippova. — Agar AQSh va boshqa xalqaro hamkorlarning Gaitiga yordam berish maqsadi jiddiy bo‘lsa, u holda ular Gaiti fuqarolik jamiyatiga quloq tutishlari va og‘ir yo‘ldan yurishlari — demokratiya uchun chinakam poydevor quyishlari kerak”.

Ushbu maqola The New York Times uchun nashrning Meksika, Markaziy Amerika va Karib havzasidagi byurosi rahbari Mariya Abi-Habib tomonidan yozilgan. Maqola Rafiq O‘zturk tomonidan o‘zbek tiliga o‘girildi.