Dunyo va o‘zbek sportiga oid 12-iyul tongining muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

Rossiyalik sobiq futbolchi, hozirda “Krasava” blogini yuritayotgan Yevgeniy Savin “Jenoa” klubi va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov borasida katta video material tayyorladi. Savin futbolchining Jarqo‘rg‘ondagi uyiga tashrif buyurdi, uning agentlari, terma jamoa va klubdagi sheriklari, sobiq murabbiylar va unga aloqador ko‘plab shaxslar bilan intervyular tashkil qilgan.

Jahon

11-iyul kuni jahon sportida to‘rtta muhim voqea kuzatildi: Kopa Amerika—2021 finali, UFC 264, Yevro—2020 va Uimbldon finali.

Foto: Getty Images

Argentina terma jamoasi “Marakana”da bo‘lib o‘tgan o‘yinda Braziliyani mag‘lub etib, Amerika Kubogini qo‘lga kiritdi. Bu argentinaliklar sardori Lionel Messi uchun terma jamoa safidagi ilk sovrin bo‘ldi. Messi musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Shuningdek, u gol urish va golli uzatmalar soni bo‘yicha turnirning eng yaxshisi bo‘ldi.

Yevro—2020 finali Angliyaning yorqin o‘yini bilan boshlandi va Lyuk Shou musobaqa tarixidagi eng tezkor golni urgan holda jamoasini oldinga olib chiqdi. Biroq tanaffusdan keyin himoyaga berilgan inglizlar yakunda jazolandi. 34 yosh-u 71 kunlik Leonardo Bonuchchi hisobni tenglashtirdi va Yevro finallarida gol urgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi. Uchrashuv taqdirini penaltilar seriyasi hal qildi. Donnarumma faoliyatidagi beshinchi seriyaning beshinchisini ham muvaffaqiyatli o‘tkazdi va jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Foto: Getty Images

Penaltilar seriyasida ikkita seyv ijro etgan Janluiji Donnarumma musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Eng yaxshi yosh o‘yinchi sifatida Ispaniyaning 18 yoshli yarim himoyachisi Pedri e’tirof etildi. Krishtianu Ronaldu 5 ta gol bilan eng yaxshi to‘purar bo‘ldi, portugaliyalik futbolchi yana bir beshta gol urgan Patrik Shikni golli uzatmalar soni bo‘yicha ortda qoldirdi. Shveysariya vakili Stiven Zuber esa 4 ta golli uzatma bilan eng yaxshi assistent bo‘ldi.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

Italiya terma jamoasi Yevro—2020 da 13 ta gol urdi. Bu terma jamoa uchun yirik musobaqalardagi eng yaxshi natija bo‘ldi. Turnirda 11 ta gol urgan Angliya Yevrodagi eng yaxshi natijasini qayd etdi.

Shu tariqa 24 ta jamoa ishtirok etgan va Yevropaning 11 shaharida bo‘lib o‘tgan musobaqa o‘z nihoyasiga yetdi. Associated Press’ning xabar qilishicha, UEFA musobaqa ishtirokchilari sonini 32 ta oshirishni rejalashtirilmoqda. Agar tashkilot shuni xohlayotgan bo‘lsa, u holda 2023-yilga qadar qaror qabul qilish kerak bo‘ladi, shunda bu tizim 2028-yilgi musobaqadan boshlab kuchga kirishi mumkin. Yevro—2016 dan boshlab ishtirokchilar soni 16 tadan 24 taga oshirilgandi. Endi tashkilot 55 mamlakatdan iborat mintaqaning 32 ishtirokchisi musobaqada qatnashishini xohlamoqda.

Tennis

Novak Jokovich Uimbldon finalida italiyalik Matteo Berrettinini mag‘lub etdi. Serbiyalik sportchi qatorasiga uchinchi marta Uimbldon chempioniga aylandi. Bu Jokovich uchun 20-“Ulkan toj” sovrini bo‘ldi. Bu borada serb Rojer Federer va Rafael Nadalning rekordini takrorladi.

Foto: Getty Images

MMA

O‘zbekiston vaqti bilan 11-iyul tongida UFC 264 musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Oqshomning markaziy jangi yengil vazn toifasi vakillari Konor Makgregor va Dastin Porye o‘rtasidagi kechdi. Ushbu jang bir raund davom etdi. Poryening dominantligida o‘tgan raund so‘ngida Konor ehtiyotsiz harakat sabab oyog‘ini sindirib oldi va jang muddatidan avval tugadi. Shu tariqa Porye yengil vazn chempioni Charlz Oliveyra qarshi chempionlik jangida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Foto: AP