Janubiy Koreyaning taniqli key-pop guruhi BTS 9-iyul kuni o‘zining YouTube’dagi kanalida butun dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasining tugashi haqidagi klipini e’lon qildi. Bir necha soat ichida Permission to Dance (“Raqsga tushishga ruxsat”) qo‘shig‘i 41,5 million martadan ortiq tomosha qilingan, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Kadr: YouTube

Guruh musiqachilari qo‘shiqni britaniyalik mashhur qo‘shiqchi Ed Shiran bilan hamkorlikda yaratgan.

Kadrlarda qahramonlar niqobda ko‘rinish bergan bo‘lib, ular orasida bo‘sh shifoxonalardagi xodimlar ham bor. Avvaliga ular raqsga tushgan, keyin esa ustlaridagi himoya niqoblarini yechib tashlagan.

Ta’kidlash kerakki, bu BTS guruhining birinchi rekordi emas. Avvalroq ular Butter qo‘shig‘i orqali Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan edi — uni YouTube’da bir vaqtning o‘zida 3,9 million kishi tomosha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda Time jurnali Koreyaning BTS guruhini “Yil xonandalari” deb atagandi.