Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni yanada rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Ta’kidlanishicha, jahon bozorida xo‘raki uzum savdosi mevalar ichida uchinchi o‘rinda bo‘lib, har yili unga bo‘lgan talab o‘rtacha 350 million dollarga o‘smoqda.
“Bizning esa xo‘raki uzum bo‘yicha eksport salohiyatimiz kamida 600 million dollar (joriy yilda 200 million dollar), mayiz 500 million dollar (bu yil 130 million dollar) va tabiiy vino 100 million dollar (shu yil 50 million dollar)ga teng. Bu biz uchun juda katta imkoniyatdir.
Uzumchilik bu – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, g‘ururi va daromad manbai hisoblanadi, qolaversa, xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlarimiz bilan bevosita bog‘lanib ketgan. Xalqimizning husayni, toifi, rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarining dovrug‘i uzoq-uzoqlargacha tanilgan”, dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, Yevropada 800 million, Xitoy 600 million, Rossiya 300 million, Hindistonda 250 million dollarlik uzumchilik eksport bozori mavjud.
“O‘zbekistonda 1 gektar xo‘raki uzum yetishtirish uchun o‘rtacha 100 million so‘m xarajat qilib, 4 yildan keyin yiliga 250 million so‘m sof foyda topish mumkin. Bundan tashqari, uzum danagidan olinadigan bir kilogramm yog‘ning jahon bozoridagi narxi 10-15 dollar bo‘lib, bizda bir yilda 1,5 ming tonna yog‘ ishlab chiqarish imkoniyati bor.
So‘nggi to‘rt yilda 52 ming gektar yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard so‘m subsidiyalar ajratildi. Natijada o‘tgan davr mobaynida meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 baravarga ko‘paydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 90 ming gektar maydonda uzum yetishtirilib, soha 900 ming aholining doimiy va mavsumiy bandligini ta’minlamoqda. Samarqand (30 ming gektar), Toshkent viloyati (13 ming gektar), Surxondaryo (9 ming gektar), Jizzax (7,5 ming gektar), Qashqadaryo (6,8 ming gektar), Buxoro (6 ming gektar), Namangan va Navoiy (4,5 ming gektardan) – uzumchilikda maydon jihatidan yetakchi hududlar hisoblanadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lum qilinishicha, ayrim hududlarda yirik tokzorlar maydoni so‘nggi to‘rt yilda 7 ming gektarga kamaygan. Misol uchun, Qashqadaryoda 2,5 ming gektar, Namangan – 2,4 ming, Surxondaryo – 1,2 ming, Andijonda – 645 gektar maydon kamayib ketgan. Aksincha, Jizzax, Qoraqalpog‘iston va Farg‘onada esa tokzorlar maydoni ko‘paygan.
“Yana bir tahlil – 1 gektar g‘alla maydonida 2 kishi band bo‘lib, ko‘pi bilan 20 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilsa, uzumchilikda, ayniqsa shpaler usulida 10 nafargacha aholini doimiy va mavsumiy band qilish hamda 300 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, o‘rtacha 25 ming dollarlik eksport qilish mumkin. Bundan tashqari, uzum ko‘chati 4-5 yillik bo‘lganigacha, oraliq ekin ekish orqali, yana millionlab so‘m daromad ko‘rish mumkin”, — dedi Prezident.