Toshkentda serjantlar tayyorlash maktabiga pul evaziga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Ma’lum qilinishicha, fuqaro A.N. va D.N. oldindan til biriktirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro J.ni IIV akademiyasi qoshidagi Serjantlar tayyorlash maktabiga o‘qishga kiritib qo‘yish masalasini 12 ming dollarga hal qilib berishga kelishgan.

Shundan 6 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida departament, DXX hamda IIBning Yunusobod tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28-, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 3 kishidan 6,4 ming dollar pul olgan shaxslar qo‘lga olingani, Toshkent davlat yuridik universitetiga kiritib qo‘yish uchun 10 ming dollar so‘ragan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.