Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirusni yuqtirib olganlar soni 174 437 839 kishini tashkil qilmoqda, shularning 3 758 421 nafari virus qurboniga aylangan. Kasallanish holatlarining ko‘pligi bo‘yicha AQSh (33,4 million), Hindiston (29,1 million), Braziliya (17,1 million), Fransiya (5,7 million) va Turkiya (5,3 million) yetakchilik qilmoqda.

Kuchli yomg‘irdan keyin Mumbayning ba’zi tumanlari suv ostida qoldi

Foto: AP Photo

Moskvada epidemiologik vaziyat og‘irlashdi

10-iyun holatiga o‘tgan bir kecha-kunduzda Moskvada 5245 kishida koronavirus aniqlandi. So‘nggi marta 5 mingdan ortiq kasallanish holati 15-yanvarda qayd etilgan, o‘shanda 5534 kishida virus aniqlangan edi.

Butun Rossiya bo‘yicha esa bir kunda 11 699 kishi COVID-19’ni yuqtirib oldi, bu 24-fevraldan buyon (o‘shanda 11 749 kishi edi) kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. 11 mingtadan ortiq holat esa 6-martdan buyon birinchi marta qayd etildi.

Moskvada epidemiologik vaziyat og‘irlashishi tufayli jamoat joylarida, shu jumladan, yerusti transporti va metroda, savdo markazlarida, kafe, yozgi verandalar va tungi klublarda niqob va qo‘lqop kiyish ustidan nazorat kuchaytiriladi. Sanitariya qoidalarini buzganlik uchun fuqarolar jarimaga tortiladi.

Moskva meri Sergey Sobyanin shaharda “kasallikning yangi avj nuqtasi”ga chiqilayotganini aytdi, vaziyat esa murakkab bo‘lib qolmoqda. Moskva kasalxonalarida 10 mingga yaqin COVID-bemor qolmoqda. “Shunga qaramay, hech qanaqa lokdaun joriy qilmoqchimasmiz”, — dedi mer.

Afrikaliklar koronavirusga qarshi vaksina o‘rniga suv bilan emlangan

Keniya davlat kasalxonalaridagi tibbiyot xodimlari mahalliy aholini COVID-19’ga qarshi vaksina o‘rniga oddiy suv bilan emlagan.

COVAX global dasturi orqali qo‘llab-quvvatlanayotgan Afrika davlatining vaksina strategiyasiga muvofiq, aholi AstraZeneca vaksinasi bilan bepul emlanish huquqiga ega. Vaksina olish jarayoni davlat tomonidan tasdiqlangan maxsus tibbiy markazlarda bo‘lib o‘tmoqda.

Ammo dori yetishmasligi sababli ba’zi shifokorlar keniyaliklardan vaksina uchun pul olib, so‘ng ularni suv bilan emlay boshlagan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Mutaxi Kagve fuqarolarni vaksinatsiya uchun pul to‘lamasdan, bepul dorilarni kutishga chaqirdi.

“Men mamlakatni va keniyaliklarni vaksina bepul ekani haqida ogohlantirmoqchiman, hech kim buning evaziga sizdan pul olmasligi kerak. Bu noqonuniy hisoblanadi. Katta ehtimol bilan ular sizni vaksina bilan emas, suv bilan emlamoqda”, — dedi vazir.

Hukumat bunday holatlar yuzasidan surishtiruv boshladi va jinoyat ishi qo‘zg‘adi.

Hindistonda kunlik COVID-o‘limlar soni bo‘yicha rekord yangilandi

O‘tgan bir kecha-kunduzda Hindistonda 6148 kishi COVID-19 oqibatida vafot etdi. Bu yangi antirekord hisoblanadi.

Ayni vaqtda mamlakatda kasallanganlar soni ketma-ket uch kundan buyon kuniga 100 ming kishidan oshmayapti — o‘tgan bir sutkada 94 mingdan ortiq odamda virus aniqlandi. Shuningdek, ikki haftadan buyon kunlik kasallanish holatlarining soni 200 mingdan yuqoriga chiqmayapti, bu koronavirusning ikkinchi to‘lqini pasayayotganidan darak beradi.

Hindistonda vaksina olganlar soni ham o‘sib bormoqda — 242 million kishi yoki jami aholining 17,4 foizi kamida bitta doza bilan emlangan bo‘lsa, to‘liq emlanganlar soni 46,5 milliondan oshadi.

Shuningdek:

  • Kiprda karantin rejimi sezilarli darajada yumshatilmoqda, xususan, komendantlik soati bekor qilinib, tungi klublar ochiladi. Komendantlik soati mamlakatda yetti oy, tungi klublarga taqiq esa 15 oy davomida uzluksiz amal qilib kelgan edi.
  • Estoniyada 10-iyundan umumyevropa elektron COVID-sertifikatlar joriy qilinmoqda. 1-iyuldan o‘zaro tan olish tizimi to‘liq hajmda ishga tushgach, guvohnomalar Yevroittifoq hududida erkin ko‘chib yurish imkonini beradi.