Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)da dekabrda paydo bo‘lgan koronavirus shtammi tajovuzkorroq va yuqumliroq, deya ma’lum qildi mamlakat bosh epidemiologi Salima Abdula Karima olib borilgan tadqiqotlarga tayanib. Uning gaplarini “RBK” keltirib o‘tdi.

Foto: Reuters

Olimlar 501.V2 deb nom olgan yangi shtamm odam hujayralariga osonroq kirib olib, u yerda mustahkamroq o‘rnashadi, degan xulosaga keldi. Buning natijasida virus avvalgi mutatsiyalarga nisbatan, taxminan, 50 foizga ko‘proq yuqumlidir, dedi epidemiolog.

JAR hukumati yangi turdagi koronavirus aniqlangani haqida dekabr oxirida ma’lum qilgan edi. Mamlakatdagi pandemiyaning ikkinchi to‘lqinini aynan yangi mutatsiya bilan bog‘lashdi. Dekabrda JAR sog‘liqni saqlash vaziri Zveli Mxize kasalxonalarga ko‘proq yosh bemorlar kelib tusha boshlaganini, ular COVID-19 tufayli og‘ir ahvolda yotqizilayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Mxize koronavirusning yangi shtammi tezroq tarqalayotganini aytib, ammo mutatsiya tufayli sarosimaga tushishga sabab yo‘qligini ta’kidlagandi.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, JAR koronavirusga chalinganlar va buning oqibatida vafot etganlar soni bo‘yicha Afrika mamlakatlari orasida yetakchilik qilmoqda — bu ko‘rsatkichlar tegishli ravishda 1,34 million va 37,4 mingga teng.

Koronavirusning “afrikacha” shtammi Yevropa mamlakatlarida, shu jumladan, Daniya va Fransiyada, Yaponiyada, AQShda hamda ba’zi Afrika mamlakatlarida aniqlangan.

Koronavirusning o‘ziga xos mutatsiyalari aniqlangani haqida dekabrda boshqa bir qator mamlakatlar, shu jumladan, Buyuk Britaniya, Keniya va Nigeriya ham ma’lum qilgan edi. Angliya bosh sanitar shifokori Kris Uitti yangi shtamm 70 foizga yuqumliroq ekanini, ammo kasallikning og‘irroq kechishiga olib kelmasligini aytgandi.