Boeing kompaniyasining uchuvchisiz uchar qurilmasi havoda AQSh harbiy dengiz kuchlari qiruvchisiga yonilg‘i quydi. Bu havoda dron yordamida samolyotga yonilg‘i o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan tarixdagi birinchi muvaffaqiyatli amaliyot, deb yozadi Meduza.

Videodan kadr

Xabarga ko‘ra, 4-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sinovlar davomida MQ-25 dronining sinov modeli F/A-18 qiruvchisi baklariga yonilg‘i quygan. Yonilg‘i quyish paytida qiruvchi samolyot drondan yetti metrga yaqin uzoqlikda turgan.

Boeing bayonotida aytilishicha, MQ-25 droni muvaffaqiyatli yonilg‘i quyishdan oldin 25 ta parvozni amalga oshirgan. Sinovlar hali davom etadi.

Boeing kompaniyasi  MQ-25 dronini Pentagon bilan 805 million dollarlik shartnoma doirasida ishlab chiqaradi, u esa 2018-yilda tuzilgan edi. Shartnomaga ko‘ra, AQSh harbiy dengiz kuchlariga yettita yonilg‘i quyadigan uchuvchisiz uchar qurilma yetkazib beriladi.

The Seattle Times gazetasining yozishicha, dastlabki shartnomaga qaramay, harbiy dengiz kuchlari 72 ta dron ishlab chiqarishga 9,5 milliard dollar sarflashni rejalashtirgan. Dastlabki to‘rtta uchuvchisiz uchar qurilma 2024-yilga qadar ishga tushirilishi kerak.

MQ-25 qurilmasining aniq xususiyatlari hali oshkor qilinmagan. Taxminlarga ko‘ra, dron parvozlar davomiyligini uzaytirish orqali qiruvchilardan yanada samarali foydalanishga imkon beradi. MQ-25 birinchi parvozini 2019-yil 19-sentabrda amalga oshirgan.

Avvalroq Liviyada jangovar dron birinchi marta odamga mustaqil tarzda hujum qilgani haqida xabar berilgandi.