AQShning Kaliforniya shtatidagi Korkoran fermerlik shahri asta-sekinlik bilan yer ostiga cho‘kib bormoqda. Mahalliy aholiga sezilmayotgan o‘zgarishlarni NASA sun’iy yo‘ldoshlaridan olingan suratlarda ko‘rish mumkin, deb yozmoqda High Country News.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi 14 yil ichida shaharning ba’zi qismlari 3,5 metrgacha cho‘kkan, bu balandlik ikki qavatli uyning bir qavatiga teng hisoblanadi.
Mutaxassislarning fikricha, mintaqadagi cho‘kish jarayoni yerosti suvlarining tortib olinishi tufayli tuproq miqdorining asta-sekin kamayib ketishi natijasida yuzaga kelgan.
Mahalliy fermerlarning ekinlarni sug‘orish uchun ko‘p miqdordagi yerosti suvlarini faol ravishda tortib olishi natijasida tuproq cho‘ka boshlagan.
22 ming aholiga ega bo‘lgan Korkoran shahri har yili bir necha santimetrdan 0,6 metrgacha asta-sekinlik bilan yerga botib bormoqda.
Hozircha shahardagi yo‘llar va binolarga zarar yetgani yo‘q, lekin jarayonning shahar topografiyasiga ta’sirini sezish mumkin. Ichimlik suvi quduqlarining qoplamalari ishdan chiqdi, ratushani (shaharning o‘zini o‘zi boshqarish idorasi yoki shunday idora joylashgan bino) esa 10 million dollar evaziga qayta qurishga to‘g‘ri keldi.
Suv resurslarini boshqarish agentligining prognoziga ko‘ra, yaqin 19 yil ichida shahar yana 2-3 metrga cho‘kadi.
Avvalroq Eron poytaxti Tehronning asta-sekinlik bilan yerga botib borayotgani ma’lum qilingandi.
Shuningdek, 2018-yilning aprel oyida Keniya janubi-g‘arbida paydo bo‘lgan katta yoriq Nayrobi—Narok shossesining bir qismi vayron bo‘lishiga olib kelgan edi. Ko‘p kilometrga cho‘zilgan yoriq hududdagi seysmik faollik natijasida paydo bo‘lgan.
Rift vodiysini hosil qilgan Sharqiy Afrika yorig‘i 3000 kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, Afrika plitasini ikkita teng bo‘lmagan qismga — Somali va Nubiya plitasiga bo‘lgan, ular yiliga 6-7 mm tezlikda bir-biridan ajralmoqda.
Izoh (0)