Isroil va Falastin tomonidan amalga oshirilayotgan jangovar harakatlar zudlik bilan to‘xtatilishi kerak, BMT tezlikda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun barcha tomonlar bilan birga ishlamoqda. Bu haqda tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish BMT Xavfsizlik kengashi majlisida ma’lum qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.

Foto: AP Photo

“Jang to‘xtatilishi kerak. U zudlik bilan to‘xtashi kerak. Bir tomondan raketa va minomyot zarbalari, ikkinchi tomondan havo va artilleriya hujumlari bas qilinishi kerak. Men barcha tomonlarni bu da’vatni inobatga olishga chaqiraman”, — dedi Guterrish.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “BMT tezlikda o‘t ochishning to‘xtatilishiga erishish maqsadida barcha tomonlar bilan faol hamkorlik qilmoqda”.

“G‘azodagi qochqinlar lageriga uyushtirilgan va bitta oilaning 10 nafar a’zosining o‘limiga olib kelgan hujumdan iztirobga tushdim. Gumanitar obyektlar himoyalanishi kerak”, — dedi Guterrish BMT XK yig‘ilishida.

“Jurnalistlarning qo‘rqmasdan va ta’qib qilinmasdan ishlashiga ruxsat berilishi kerak. G‘azoda OAV idoralarining yo‘q qilinishi kuchli xavotir uyg‘otadi”, — deya ta’kidladi u.

“Olg‘a siljishning yagona yo‘li — ikkita davlat tuzish maqsadidagi muzokaralarga qaytish, toki ular tinchlik, xavfsizlik va o‘zaro e’tirof sharoitida, ikki davlatning umumiy poytaxti Quddus bo‘lgan holda, BMTning tegishli rezolyutsiyalari, xalqaro huquq va bundan avvalgi bitimlar asosida yonma-yon yashasin”, — dedi Guterrish.

Bosh kotib jangovar harakatlar mintaqada nazorat qilib bo‘lmaydigan inqirozni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. U so‘nggi bir hafta ichida qariyb 200 kishining o‘limiga olib kelgan zo‘ravonlikni “o‘ta mudhish” deb atadi.

“Bu xavfsizlik sohasida ham yengib bo‘lmaydigan gumanitar inqirozning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin, shuningdek, bosib olingan Falastin hududida va Isroilda, balki butun mintaqada ham ekstremizmning yanada kuchayishiga imkon yaratishi mumkin”, — dedi Guterrish.

Falastin—Isroil nizosining 2014-yildan buyon kuzatilgan eng kuchli avj olishi may oyida Isroil hukumatining Quddusda bir qator arab oilalarini ko‘chirib yuborish qaroridan keyin boshlandi. Bu noroziliklarni keltirib chiqardi hamda Quddusda arab namoyishchilar va Isroil politsiyasi o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi.

Vaziyatga HAMAS aralashdi. Isroil uning politsiyani olib ketish haqidagi talablarini bajarmaganidan keyin, guruh raketalar otishni boshladi. Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini o‘qqa tutdi.

16-may holatiga, nizo avj olganidan buyon G‘azo sektoridan Isroil hududiga qarata 2,9 mingta raketa otilgan, shularning 1150 tasi to‘xtatib qolingan. Isroilda 10 kishi halok bo‘lib, 50 ga yaqin odam jiddiy jarohatlangan. Isroil ham G‘azo sektoriga yuzlab zarbalar berdi. Isroilning aviazarbalari oqibatida 188 nafar falastinlik halok bo‘ldi, ular orasida 55 nafar yosh bola bor.