Isroil harbiylari HAMAS harakatining ichki xavfsizlik shtabi va qurol-yarog‘ omboriga hujum qildi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari Twitter’iga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Reuters

Harbiylarning ma’lum qilishicha, mazkur binoda Rafax shahri ichki xavfsizlik boshlig‘ining idoralari va boshqa bo‘limlar joylashgan.

Bundan tashqari, so‘nggi bir necha kun ichida Isroil armiyasi G‘azo shahridagi HAMAS kiberbo‘linmasiga hujum qildi.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoriga Isroil tomonidan uyushtirilgan aviazarbalar oqibatida 103 kishi, jumladan 27 bola va 11 ayol halok bo‘lgan, yana 580 kishi jarohat olgan.

10-maydan buyon Isroil harbiylari va Falastindagi ekstremistik harakatlar jangarilari bir-birlarining hududlariga raketa hujumlarini uyushtirmoqda. Raketa hujumlari Isroil politsiyasi va falastinliklar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan Sharqiy Quddusdagi keskinlik kuchaygan bir paytda yuz bermoqda. 7-may kuni Isroil sudining qaroriga binoan Ma’bad tog‘lari yaqinidagi “Shayx Jarroh” mahallasidan arab oilalarini ko‘chirib yuborish jarayoni boshlangan edi. Buning natijasida hududda norozilik namoyishlari va to‘qnashuvlar kelib chiqdi. Xususan, Ma’bad tog‘idagi al-Aqso masjidida Isroil politsiyasi bilan yuzaga kelgan to‘qnashuvda yuzlab falastinliklar jarohatlandi.

Shundan so‘ng HAMAS harakati Isroil markazidagi shaharlarga yirik raketa hujumi uyushtirdi. Isroil yangi zarbalar bilan javob qildi. Isroil Mudofaa kuchlarining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil-Falastin o‘rtasidagi mojaro avj olganidan beri G‘azo sektoridan kamida 1600 raketa Isroil tomon otilgan, ulardan 400 ga yaqini G‘azo sektori hududining o‘ziga tushgan.

Shuningdek, Isroilning bir qator shaharlarida yahudiylar va arablar o‘rtasida to‘qnashuvlar va tartibsizliklar boshlandi. 12-may kuni tartibsizliklarda qatnashgan 400 dan ortiq kishi hibsga olindi.