O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Qozon shahridagi maktabda sodir bo‘lgan fojiali voqea munosabati bilan Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Hamdardlik matni quyida to‘lig‘icha keltiriladi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

Vladimir Vladimirovich Putin

Janobi Oliylariga

Hurmatli Vladimir Vladimirovich!

Fojiali voqea — Qozon shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida begunoh bolalar va yoshi kattalar halok bo‘lgani haqidagi xabar meni chuqur qayg‘u va larzaga soldi.

Hech qanday vaj bilan oqlab bo‘lmaydigan ushbu mudhish zo‘ravonlik harakatini qat’iy qoralaymiz.

Sizga, qurbon bo‘lganlarning ota-onalari va yaqinlariga samimiy hamdardlik izhor etaman hamda jarohat olganlar tez fursatda shifo topishlarini tilayman.

Ushbu musibatli damlarda O‘zbekistonning ko‘pmillatli xalqi Rossiya xalqi uchragan judolikki qayg‘udoshdir.

Hurmat bilan,

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Qozon shahridagi (Rossiya tarkibiga kiruvchi Tatariston Respublikasi poytaxti) 175-sonli maktabda 11-may kuni ertalab otishma sodir bo‘ldi. Voqea oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurollangan ikki kishi maktabga bostirib kirib, o‘quvchilarga qarata o‘q uzgan. Keyinroq hujum qilganlardan biri maktab kiraverishida hibsga olingan. Maktabdagi otishmadan keyin Putin qurolga egalik qilish qoidalarini kuchaytirishni buyurdi.