Chexiya bosh vaziri Andrey Babish Yevroittifoq mamlakatlari rahbariyatini Vrbetitse qishlog‘idagi portlashlar haqidagi ish bo‘yicha Chexiya hukumati bilan birdamlik ramzi sifatida hech bo‘lmaganda bir nafardan Rossiya diplomatlarini chiqarib yuborishga chaqirdi. Bu haqda Babish Portugaliyadagi Yevroittifoq mamlakatlari prezidentlari va bosh vazirlari norasmiy sammitida jurnalistlarga ma’lum qildi.

Andrey Babish.

Foto: AP Photo

“Biz shuni doim tushunishimiz kerakki, Yevroittifoqning bitta davlatiga hujum qilish — uning barcha davlatlariga hujum qilish demakdir. Men ulardan hech bo‘lmaganda bir nafardan Rossiya diplomatini mamlakatlaridan chiqarib yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘radim”, — dedi u.

Babish ushbu mavzuni 7-may kuni kechqurun Yevroittifoq mamlakatlari yetakchilari bilan uchrashuvda ko‘tardi. Chexiya bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, ushbu masala bo‘yicha, xususan, Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘z fikrini bildirgan.

Chexiya Rossiyani 2014-yil 17-aprelda Moraviyaning janubi-g‘arbiy qismidagi o‘q-dorilar omborida sodir bo‘lgan portlashlarga aloqadorlikda ayblaganidan keyin ular o‘rtasidagi keng ko‘lamli siyosiy-diplomatik nizo paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng Praga qiymati 6 milliard yevro bo‘lgan “Dukovani” atom elektr stansiyasining yangi energiya blokini qurish bo‘yicha tenderda ishtirok etish uchun “Rosatom” davlat korporatsiyasining nomzodlar safidan chiqarilishini e’lon qildi.

Buning ortidan Chexiya 18 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubordi. Bunga javoban Moskva ham 20 nafar chexiyalik diplomatni mamakatdan chiqarib yubordi. 22-aprel kuni Chexiya tashqi ishlar vaziri Pragada rossiyalik diplomatlar sonining cheklanishi haqida ma’lum qildi: ularning soni Moskvadagi Chexiya diplomatik vakolatxonasining xodimlari soni (7 kishi) bilan tenglashtiriladi. Elchixona xodimlarining mamlakatni may oyining oxirigacha tark etishi belgilangan.

Chexiyaning xatti-harakatlarini Slovakiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari hukumatlari qo‘llab-quvvatladi. 23-aprel kuni Boltiqbo‘yi mamlakatlari rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborishi haqida ma’lum qildi: Litva Rossiya elchixonasining ikki nafar xodimini, Latviya va Estoniya bir nafardan xodimini o‘z hududidan chiqarib yuborishga qaror qildi.

Bungacha Slovakiya uch nafar rossiyalik diplomatni o‘z hududidan chiqarib yuborishga qaror qilgan edi. O‘shanda mamlakat bosh vaziri Eduard Xegerning ta’kidlashicha, Slovakiya maxsus xizmatlari ma’lumotlari o‘rganib chiqilgandan so‘ng “hozirgi paytdagi geosiyosiy ahvol, shuningdek, Chexiyadagi vaziyat sababli” shunday qaror qabul qilingan.