O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish holatlari ortib, yangidan yangi shtammlar qayd etilmoqda. “Daryo” muxbirlari virusga qarshi kurash qanday va qanchalik samarali ketayotganiga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘lish uchun koronavirus bemorlari uchun maxsus qurilgan Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borishga qaror qildi. Aprel oyining so‘nggi kunlarida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ko‘magi bilan muxbirlar Zangiotadagi 2-son maxsus yuqumli kasalliklar shifoxonasidan reportaj tayyorladi.

Zangiotadagi 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shifoxona Toshkent avtomobil halqa yo‘lidan 6 kilometr ichkarida joylashgan. Zangiotadagi 1-son maxsus shifoxona va 2-son maxsus shifoxona ketma-ket qurilgan.

Biz borgan 2-son maxsus shifoxona tashqarisida avtomobillar turargohi bor. Avtoturargoh avtomobillar bilan liq to‘la ediki, bu yer hecham yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘xshamasdi.

Zangiotadagi 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi oldidagi avtoturargoh

Foto: “Daryo” / Dilshod Sharipov

Bizga shifoxonaga kirishga ruxsat berilgunga qadar eshik oldida atrofni kuzatib turdik. Kirish oldida ko‘plab mashinalar turgan bo‘lsa-da, darvoza oldida turgan gvardiyachilar faqat tez yordam mashinalarini kiritardi.

Shifoxonaga kirayotgan tez yordam mashinasi.

Foto: “Daryo” / Dilshod Sharipov

Bizni tashqarida kutib turgan hamkasbimizning so‘zlariga ko‘ra, har 10-15 daqiqada bitta tez yordam mashinasi shifoxonaga kelgan.

Shifoxonadan chiqib ketayotgan tez yordam mashinasi.

Foto: “Daryo” / Dilshod Sharipov

Bir necha ayollar shifoxonaga ish so‘rab kelganiga guvoh bo‘ldik. Eshik oldida turgan qo‘riqchilar mazkur shifoxonada bo‘sh ish o‘rinlariga e’lon berilmaganini aytib, Zangiota-1 ga borishni tavsiya qildi.

Zangiotadagi 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligi haqida e’lon osib qo‘yilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Oradan 5-10 daqiqa o‘tmay bizga ruxsat tegib, ichkariga kirdik. Shifoxona maydoni juda keng, bloklarning orasida anchagina masofa bor edi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shifoxona rahbari Doniyor Mirazimov bizni o‘z xonasida kutib olib, muassasa haqida umumiy ma’lumot berdi. Uning aytishicha, shifoxonada bir nechta katta bloklar bor va ularning har biri 600 nafar bemorga mo‘ljallangan.

Biz Zangiota-2 maxsus shifoxonasiga borgan vaqtimizda 930 nafar bemor bor edi. Ulardan bir qismi reanimatsiyada, bir qismi esa oddiy bo‘limlarda davolanayotgandi.

Zangiotadagi 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bemorlar uchun eng muhimi kislorod uskunasi. Bizning shifoxonamizda ikkita kislorod stansiyasi qurilgan. Shu bois hamma koykalarimiz kislorod uskunalari bilan jihozlangan. Biz epidemiyaning ikkinchi to‘lqinini kuzatyapmiz. Hozirda bu kasallikka bolalar ko‘p chalinmoqda. Bunday holat o‘tgan yili yoz va kuzda ham kuzatilgan.

Bolalar koronavirusni yengil va ko‘pincha simptomsiz o‘tkazadi. Ya’ni ular kasallanganlarini o‘zlari ham sezmaydi. Shu bilan kattalarni zararlab qo‘yadi. Bola ko‘chada yuqtirib, uyga olib keladi va butun oilasi uchun virus tashuvchi bo‘lib qolyapti. Shu bois shifoxonamizda oilaviy yotib davonlanayotganlar ham bor.

Doniyor Mirazimov, Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonada 128 shifokor, 400 ga yaqin hamshira va yana 300 ga yaqin sanitar xodim faoliyat yuritmoqda.

Xudoga shukr, bizda dori, uskuna va kerakli jihozlar ta’minoti juda yaxshi. Shuning uchun natijalar ham juda yaxshi. Biz ko‘pchilikning davolanib ketishiga erishdik. Shu kungacha davolanib chiqqan kasallar soni 16 mingta. Bu katta son.

O‘ylashimizcha, hozir eng yuqori to‘lqin bo‘lyapti. Kuniga o‘rtacha 100 nafar atrofida kasal tushib qolyapti. 80-90 nafari ro‘yxatga olinyapti. Yozga qaraganda hozir ishimiz yaxshigina rejalashtirilgan. Bizga virusning turli shakllari kirib kelgan. Ammo qanday shtamm bo‘lishidan qat’i nazar barcha bemorlar bir xil usulda davolanmoqda.

Doniyor Mirazimov, Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori

Shifoxona direktori oldidan chiqib, hamkasbim ikkimiz maxsus kiyinish xonasiga kirdik. Himoya kiyimlarini kiyib, reanimatsiya bo‘limi tomon yo‘l oldik. Bizga bo‘lim boshlig‘i Begali Hakimov hamrohlik qildi.

Begali Hakimov.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shifokorning aytishicha og‘ir ahvoldagi barcha bemorlar 6 kishilik maxsus xonalarga yotqiziladi. Xonada kardiomonitor, uskunalar va post joylashtirilgan.

6 nafar bemorga bir nafar shifokor, ikki nafar hamshira va bir kichik xodim mas’ul. Har daqiqada bemorning ahvoli o‘zgarishi mumkin. Ular kun davomida bemorlarning ko‘rsatkichlarini kuzatadi.

Reanimatsiya bo‘limida tashkil etilgan post oldida turgan hamshira.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Reanimatsiyadagi bemorlarga uch xil usulda nafas berilmoqda: kislorod niqobi orqali, og‘izdan o‘pkaga naycha orqali va bo‘yinga operatsiya yordamida qo‘yilgan traxeostomik naycha orqali.

Kislorod niqobida nafas olayotgan bemor.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shifokor traxeostomik naycha orqali nafas olayotgan bemor holidan xabar olmoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Biz kirgan ikkala palata ham shovqin, uskunalardan qandaydir ovoz chiqib turardi. Bu holatni shifokor quyidagicha izohladi:

“Sun’iy nafas berish apparati har bir o‘zgarishni ko‘rsatadi. Kardiomonitorlar qon bosimi, puls normadan tushib ketsa, har 30 soniyada mana bu yeri noto‘g‘ri ketyapti deb signal berib turadi”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Reanimatsiya bo‘limida yotgan bemorlar uchun tayyorlangan tushlik.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Begali Hakimov bizni Terapiya bo‘limiga kuzatib qo‘ydi. Bu yerda bizga bo‘lim boshlig‘i Sevara Solihova hamrohlik qildi.

Uning aytishicha, bo‘limda alohida davomiy ravishda nazorat talab qilinadigan bemorlar bor. Ular 3 kishilik to‘liq izolyatsiyalangan xonalarga joylashtirilib, kardiolog, endokrinolog, nevropatologlar tomonidan nazorat qilinadi.

Sevara Solihova kodlangan xonani ochmoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sevara Solihova bizga izolyatsiyalangan xonalarni  ko‘rsatdi. Ushbu xonalarga maxsus kod yordamida kiriladi. Ovqat ham bemorning o‘ziga to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, maxsus bo‘lmaga qo‘yiladi. Xodim bo‘lmaning o‘zi tarafdagi oynasini yopmaguncha, bemor tarafdagi oynani ochish mumkin emas. Bemorlardan bo‘shagan idishlar ham xuddi shu tariqa olib chiqiladi.

Izolyatsiyalangan xonada yotgan bemorlar uchun bo‘lmaga qo‘yilgan tushlik.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shifokor kodlangan mazkur xonalarni ochdi va ichkariga kirdik. O‘sha yerda yana suhbatimizni davom ettirdik.

Har kuni har bir bemorning 3-4 marotaba saturatsiyasi, tana harorati, qon bosimi va pulsni o‘lchaymiz, bemorning holatini tekshiramiz. Bunga qarab qo‘shimcha davolash muolajalarini belgilaymiz.

Sevara Solihova, Terapiya bo‘limi boshlig‘i

Haqiqatan ham palata to‘liq izolyatsiyalangan. Xona chetida bemorlar uchun yuvinish xonasi va hojatxona bor.

Biz palatada yotgan bemorlarni suhbatga tortdik.

Ma’mura Sayfiddinova Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yoshim 64 da. O‘tgan hafta og‘ir ahvolda kelgandim. Bir kun reanimatsiyada yotdim. Undan keyin buyoqqa olib kelishdi. “Saxar”im baland edi. Bahromjon bilan Sevara yordamida tushirdik. Ulardan minnatdorman. Virusni qanday yuqtirib olganimni o‘zim ham bilmayman. Mart oyida 17 kun davolanib chiqqandim. Aprelni boshlarida yana issig‘im chiqib, badanim qaqshay boshladi.

Bolalarim 16-shifoxona (RShTYIM)ga olib borishdi. U yerda 8 kun davolandim. Lekin baribir issig‘im tushmadi. Shifokorlar “Zangiota”ga borishimizni tavsiya qildi. Keldik. Allohga shukr, hozir ancha yaxshiman. O‘rnimdan turdim. Ovqatimni o‘zim yeyapman, bir piyola choyimni o‘zim ichyapman. Shunisiga shukr.

Ilohim hech kim kasal bo‘lmasin. Bo‘lsayam cho‘zilib yotmasdan tezlik bilan kelib o‘zini davolatsin. Uydagilarga ham o‘zingizga e’tiborli bo‘ling, kasal bo‘lsangiz darrov shifokorga uchrab davolaning deb tayinlayapman. Alloh bergan dardiga o‘zi shifosini ham bersin.

Ma’mura Sayfiddinova

Terapiya bo‘limidan chiqib bolalar davolanayotgan pediatriya bo‘limi tomon yo‘l oldik.

Pediatriya bo‘limida davolanayotgan 25 kunlik chaqaloq.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Biz kirgan palatada 1,5 oylik va 25 kunlik chaqaloqlar bor edi. Navbatchi shifokordan ularning ahvoli haqida so‘radik.

Pediatriya bo‘limida davolanayotgan 2 oylik chaqaloq.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Chaqaloqlar 23-aprel kuni shifoxonamizga olib kelingan. Koronavirus asoratlarini berayotgani yo‘q. Ko‘rib turganingizdek ahvoli yaxshi. Hayotiga xavf soladigan hech qanday qo‘rqinchli holatlar yo‘q.

Fayzulla Narzullayev, pediatr

Reportajimizni yakunlab, shifoxonaning “yashil zonasi”ga chiqdik va ustimizdagi himoya kiyimlarini yechdik. Himoya kiyimlarini yechgandan keyin odamning yuzi va tanasi toza havodan shunchalar yayrashini ilgari bilmagandim. Avvalari nafasim siqyapti deb niqob taqishdan bezillardim, ammo himoya kiyimida ikki soatcha yurganimdan keyin bu qiyinchiliklar holva ekanini tushundim. Shunday kiyimlarda sakkiz soatlab ishlayotgan shifokorlarga rahmat aytgim keldi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

O‘tgan bir yil yurtdoshlarimizning yuragidan koronavirus yuqtirib olish qo‘rquvini ancha pasaytirdi. Aksariyat insonlar bu grippga o‘xshagan oddiy kasallik deb o‘ylab karantin qoidalariga rioya qilmayapti.

To‘g‘ri, balki kimdir o‘zida virusning yengil formasini o‘tkazgandir, ammo bu barchada ham shunday kechadi degani emas. Buni shifoxonada og‘ir ahvolda yotgan, hayotning yana bir lahzasi uchun kurashayotgan insonlarni ko‘rib, yana bir karra amin bo‘ldik.

Maxsus 2-sonli Zangiota shifoxonasining reanimatsiya xonasida koronavirusga chalinib, og‘ir ahvolda yotgan bemorning yotoq o‘rni tepasida ilib qo‘yilgan, katta ehtimol bilan, farzandlari tomonidan chizilgan surat. Unda “Biz sizni yaxshi ko‘ramiz va kutyapmiz”, deb yozilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Afsuski, kasallik bizni tark etgani yo‘q. Kundan kunga O‘zbekistonga virusning yangidan yangi shtammlari kirib kelmoqda. Bir marta kasallangan insonlar yana qayta virusni yuqtirib olmoqda. Kimdir kasallik tufayli vafot etmoqda, kimdir esa yaqinlarini yo‘qotmoqda.

Reportajimizni sizga aytilaverib, siyqasi chiqib ketgan, ammo haligacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan o‘sha jumla bilan yakunlaymiz:

“Karantin qoidalariga rioya qiling. O‘zingizni va farzandlaringizni koronavirusdan asrang”.

Muallif: Xonzodabegim A’zamova

Fotomuxbir: Madina Nurman

Muharrir: Dilshod Sharipov