Hindistonda o‘tgan bir kecha-kunduzda 414 188 kishida koronavirus aniqlandi. Bu kunlik kasallanish sonining o‘sishi bo‘yicha yangi rekord, deb yozadi “RBK” mamlakat hukumati saytiga tayanib.

Foto: Getty Images

Xabarga ko‘ra, kun davomida 3 915 kishi vafot etgan va o‘limlar soni bo‘yicha ham sutkalik rekord yangilangan. Shu bilan birga, 313,5 ming kishi kasallikdan sog‘aygan.

Avvalgi kuni Hindistonda COVID-19’ga chalinish bo‘yicha 412 mingdan ortiq yangi holat qayd etilgandi. Mamlakatda infeksiyaga chalinganlarning umumiy soni 21,4 milliondan oshdi.

Tengrinews agentligi Qozog‘iston Hindistonga yordam yuborayotgani haqida xabar berdi.

“Hindistonda sanitariya-epidemiologiya holatining keskin yomonlashishi munosabati bilan Qozog‘iston prezidenti gumanitar yordam sifatida Hindistonga 6 million tibbiy niqob, 400 ming respirator niqob, 50 ming kombinezon, Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan 105 ta sun’iy nafas oldirish apparati yuborishni buyurdi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, 1-may kuni Dehli shahriga insonparvarlik ko‘magi yetkazilgan edi.

Bunga qadar AQSh, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Germaniya, Singapur va Avstraliya, Rossiya ham Hindistonga insonparvarlik yordami, jumladan, sun’iy nafas oldirish apparatlari, konsentrlangan kislorod ta’minoti va shaxsiy himoya vositalarini yuborgan edi.

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda tobora ortib borayotgan koronavirusga chalinish holatlariga qarshi kurashda yordam uchun mamlakatga 2,6 mingdan ortiq xodimini yubordi.

Ayni paytda Hindistonda og‘ir epidemiologik vaziyat kuzatilmoqda. Mamlakatda COVID-19’ga chalinish bo‘yicha jahon rekordi ketma-ket yangilanmoqda. Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat “koronavirus bo‘roni” deb ta’riflandi.