Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yangi konstitutsiyaga muvofiq mamlakat hukumatiga iste’fo berdi. Bu haqda prezident veb-saytiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: president.kg

“Davlat rahbari Qirg‘iziston Respublikasi hukumatiga iste’fo berib, hukumatni Vazirlar Mahkamasiga aylantirish hamda Mahkamani hukumatning huquqiy vorisi deb hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qildi”, — deyiladi veb-saytda.

Vazirlar Mahkamasining rahbari etib 2021-yil 3-fevraldan buyon bosh vazir lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Maripov tayinlandi. Undan oldin Maripov Qirg‘iziston Hisob palatasini boshqargan.

Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tarkibiga Iqtisodiyot va moliya; Mudofaa; Tashqi ishlar; Adolat; Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish; Madaniyat; Axborot, sport va yoshlar siyosati; Favqulodda vaziyatlar; Ichki ishlar; Transport va aloqa; Energetika va sanoat; Qishloq, o‘rmon va suv xo‘jaligi; Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish, shuningdek, Raqamli taraqqiyot vazirliklari kiritiladi. Bundan tashqari, mahkama tarkibidan Ekologiya va iqlim davlat qo‘mitasi hamda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ham o‘rin oladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va millatlararo munosabatlar davlat agentligi; Arxitektura, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi; Intellektual mulk va innovatsiyalar hamda Davlat moliyaviy razvedka xizmati faoliyat yuritadi.

Sadir Japarov mamlakat xalqiga murojaat qilar ekan, Qirg‘iziston iqtisodiyoti so‘nggi yillardagi eng jiddiy inqirozga yuz tutayotganini ma’lum qildi.

Prezident veb-saytida ta’kidlanishicha, o‘tgan yili mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YaIM) o‘sish sur’ati deyarli 9 foizga kamaygan, bu so‘nggi 20 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich.

Shuningdek, budjet kamomadi avvalgi yillar bilan taqqoslaganda uch baravar ko‘paygan va YaIMning 3 foizini tashkil etgan, yil oxiriga kelib tashqi qarz hajmi YaIMning 58 foizini tashkil etib, o‘ta salmoqli darajaga yetgan.

“Iqtisodiyot so‘nggi yillarda o‘ta og‘ir ahvolga tushib qoldi, budjet kamomadi 20 milliard so‘mga (taxminan 235 million dollar) yetdi”, — dedi Japarov.

Mamlakat prezidenti ushbu holat yuzasidan rasmiylarni aybladi. “Milliy manfaatlar va investitsiya loyihalarini rad etuvchi mansabdor shaxslar va siyosatchilarning noprofessionalligi natijasida bizning strategik sektorlarimiz — energetika va konchilik zarar ko‘rdi”, — dedi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, “yer resurslaridan foydalanishga beparvo munosabat oqibatida qishloq xo‘jaligi kichik ishlab chiqarish darajasidan yuqoriga ko‘tarila olmaydi. Qat’iy choralar ko‘rish uchun kechiktirmasdan yeng shimarish kerak”, — dedi Japarov.

Davlat rahbari mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun bir necha qadamlarni rejalashtirmoqda. “Biz biznes yuritish uchun eng qulay sharoitlarni yaratib beramiz. Bu avvalo ruxsatsiz tekshiruvlar, aralashuvlar, reydlar va hujumlardan himoyalangan bo‘ladi”, — dedi Japarov. Shuningdek, u byurokratik to‘siqlarni olib tashlash va soliq tizimini isloh qilish niyatini bildirdi.

Ushbu bayonotlar Japarov mamlakatning yangi konstitutsiyasini imzolagandan so‘ng berildi. Qirg‘iziston konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlar hukumat rahbarining vazifalarini prezident apparati rahbariga yuklaydi. Shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti vazirlarni tayinlash va lavozimidan ozod qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, parlamentdagi deputatlar soni 120 kishidan 90 kishiga qisqartiriladi.

Japarov yangi konstitutsiya 1-iyuldan kuchga kirishi mumkinligini aytgan.