Saudiya Arabistonining ACWA Power, O‘zbekiston Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida 3-may, dushanba kuni shamol energetikasi loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Mazkur loyiha Qoraqalpog‘istonda 1500 megavatt quvvatga ega shamol energetikasini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishni o‘z ichiga oladi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, mazkur inshoot foydalanishga topshirilgandan so‘ng Markaziy Osiyo mintaqasi va dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasiga aylanishi kutilmoqda.
“Energiya ishlab chiqaruvchi sifatida biz O‘zbekistonda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishda Yaqin Sharq va ayniqsa, Saudiya hamkorlarimizdan ko‘p narsalarni o‘rganmoqdamiz. ACWA Power loyihasi ushbu jarayonga katta hissa qo‘shadi. Bizning rejamiz 2030-yilga borib elektr energiyamizning 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarishdir”, — dedi energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev.
Ma’lumotga ko‘ra, mazkur loyiha, taxminan, 4 million xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi va yiliga, taxminan, 2,5 million tonna karbonat angidrid gazini qoplashi kutilmoqda.
ACWA Power kompaniyasi, shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yil boshida tuzilgan umumiy ishlab chiqarish quvvati 1000 megavatt bo‘lgan ikkita shamol energetikasi loyihasining investori hisoblanadi. Bu borada elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnomalar (PPA) va investitsiya shartnomalari imzolangan. Bundan tashqari, Saudiya kompaniyasi Sirdaryoda umumiy quvvati 1500 megavattga teng bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirmoqda.
O‘zbekistonda vodorod energetikasi rivojlantirilishi, BAAning Phanes Group kompaniyasi Navoiy viloyatida quyosh fotoelektr stansiyasini qurishi hamda O‘zbekistondagi birinchi shamol elektrostansiyasini qurish boshlangani haqida xabar berilgandi.