Hindistonning janubida joylashgan Haydarobod shahridagi hayvonot bog‘ida saqlanayotgan sherlarning 8 tasida koronavirus aniqlandi. Bu haqda Times of India nashriga tayanib “RIA Novosti” xabar berdi.
“O‘tgan yilning aprel oyida Nyu-Yorkning Bronks hayvonot bog‘idagi sakkizta yo‘lbars va sherda koronavirus testi musbat natija berganidan keyin yovvoyi hayvonlar orasida bunday holatlar hech qayerda qayd etilmadi. Lekin Gonkongda virus kuchuklar va mushuklarda aniqlandi”, — dedi Yovvoyi tabiatni o‘rganish markazi rahbari Shirish Upadxye.
Aprel oyining oxirida park veterinarlari sherlarda ishtahaning pasayishi, burunning suvlanishi va yo‘tal alomatlarini payqab qoldi. 160 kvadrat metrdan ortiq maydonni o‘z ichiga olgan safari hududida, taxminan, 10 yoshda bo‘lgan 12 ta sher yashaydi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, to‘rtta erkak va to‘rtta urg‘ochi sherda koronavirus aniqlandi.
Veterinariya shifokorlari hayvonlarning so‘lagidan namunalar olib, Haydaroboddagi Hujayra va molekular biologiya markaziga yubordi. Endi markaz mutaxassislari hayvonlar koronavirusning qaysi shtammiga chalinganini aniqlash uchun genomlar tekshiruvini o‘tkazadi.
Hindiston koronavirus bilan kasallanish darajasi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turibdi. Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 20,2 milliondan ortiq holat ro‘yxatga olingan, ularning 16,6 millioni sog‘aygan bo‘lsa, 222 ming nafari virus qurboniga aylangan. Hindistonda ketma-ket 13-kun yangi holatlar soni kuniga 300 ming kishidan oshmoqda, bu esa dunyodagi boshqa davlatlarning ko‘rsatkichlaridan ko‘proq hisoblanadi.
Avvalroq Hindistonda bir sutka ichida koronavirusga chalinish bo‘yicha 401 993 ta holat qayd etildi. Bu pandemiya boshlanganidan buyon butun dunyoda hali hech bir mamlakatda qayd etilmagan antirekord hisoblanadi.
Shuningdek, Hindistondagi COVID-kasalxonada yong‘in chiqishi oqibatida 18 kishi halok bo‘lgani, JSST Hindistondagi koronavirus bilan bog‘liq og‘ir vaziyat istalgan davlatda yuz berishi mumkinligidan ogohlantirgani, AQShning koronavirusga qarshi kurashda Hindistonga 100 million dollarlik yordam yuborishi haqida xabarlar berilgandi.
Mavzuga doir:
- JSST Hindistondagi koronavirus bilan bog‘liq og‘ir vaziyat istalgan davlatda yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi
- JSST Hindistonda COVID-19 avj olishining sababini ma’lum qildi
- JSST Hindistonga COVID-19’ga qarshi kurashda yordam berish uchun 2,6 ming xodimini yubordi. Aholidan uyda ham niqob taqish so‘ralmoqda