O‘zbekiston hukumati va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) o‘rtasida 30-aprel kuni hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Foto: TIV

Hujjat O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasining Rossiyaga (Qozon shahri) Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi hukumatlararo kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etish uchun amalga oshirgan tashrifi doirasida imzolandi.

Hujjat kuzatuvchi davlat sifatida O‘zbekiston va YeIK o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan.

Memorandum, shuningdek, bojxona va texnik jihatdan tartibga solish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, dori vositalari va tibbiyot buyumlari aylanmasi, transport, energetika, sanoat va agrosanoat majmuasi, intellektual mulk va boshqa iqtisodiyot tarmoqlari kabi sohalarda axborot almashinuvini o‘z ichiga oladi.

Qayd etilishicha, memorandum xalqaro shartnoma hisoblanmaydi hamda O‘zbekiston va YeIKga moliyaviy va huquqiy majburiyatlarni yuklamaydi.

Memorandumning ushbu bandlarini samarali amalga oshirish uchun tomonlar maslahatlashuvlar va delegatsiyalar almashinuvini tashkil etishning aniq sanalarini o‘z ichiga olgan, 2021−2023-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasini qabul qildi.

Bundan avval O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga bojxona bojisiz eksport qiladigan mahsulotlar qatori ikki barobarga oshgani, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tuzilmasida Rossiya bilan hamkorlik boshqarmasi tashkil etilgani hamda O‘zbekiston YeOII bilan investitsiyaviy hamkorlikni oshirishga tayyorligi haqida xabar berilgandi.