Qoraqalpog‘istonlik erkak o‘z xotini va qizini o‘ldirib qo‘ydi, deya xabar bermoqda Respublika prokuraturasi.

Qayd etilishicha, 2021-yil 28-aprel kuni soat 9:00 da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani IIO FMBga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Amudaryo tumani O‘rta qal’a qishlog‘ida yashovchi 1969-yilda tug‘ilgan A.D. va uning 2003-yilda tug‘ilgan qizi R.A.ning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Olib borilgan tergov-surishtiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni marhum A.D.ning turmush o‘rtog‘i 1964-yilda tug‘ilgan R.M. mast holida o‘zaro janjal oqibatida sodir etgani aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” (qasddan ikki va undan ko‘p odamni o‘ldirish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

R.M. Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudining 2021-yil 29-aprel kungi hukmi bilan unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ayni paytda holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Namanganda xotinini ketmon bilan kaltaklagan erkakka jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, Farg‘onada 19 yoshli yigit uni mazax qilib, spirtli ichimlik olib berishga majburlagan ikki mast erkakni pichoqlangani hamda Qashqadaryoda homilador xotini, qaynanasi va ikki nafar bolani pichoqlab o‘ldirgan erkak umrbod qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar berilgandi.