O‘zbekiston qirg‘iz—tojik chegarasida vaziyatning keskinlashgani va ikkala tomonning ham qurbon bo‘lishiga olib kelgan vaziyat haqidagi ma’lumotni chuqur xavotir bilan qabul qildi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

“Tomonlarni zudlik bilan to‘qnashuvlarni to‘xtatishga, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rishga va keskinlikning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqiramiz”, — deyiladi TIV bayonotida.

“Bugungi kunda barcha masalalar va mavjud muammolar faqat Markaziy Osiyo qardosh xalqlariga xos bo‘lgan ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlari ruhidagi muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qilinishi kerak”, — deb ta’kidlangan xabarda.

TIV, shuningdek, O‘zbekiston “yuzaga kelgan vaziyatni tezroq hal etishda har tomonlama yordam berishga” tayyorligini bildirgan.

Qirg‘iz—tojik davlat chegarasidagi vaziyat 29-aprel, payshanba kuni ertalab keskinlashdi: o‘qotar qurol ishlatilgan, Qirg‘iziston fuqarolari orasida yaradorlar ham bor. Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, o‘z navbatida, ushbu mojaroning yetti nafar qurboni haqida xabar berdi.

Mojaroga 28-aprel kuni tojikistonliklar tomonidan “Bosh suv havzasi” uchastkasi hududidagi elektr uzatish simlari ustunlariga videokameralar o‘rnatilishi sabab bo‘lgan.