Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

27-mart kuni “Troll.uz” blogining muallifi Umid G‘ofurov Buxoro davlat tibbiyot instituti “Odam anatomiyasi. Atlas” kitobining xaridida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunlarni buzgan bo‘lishi mumkinligi haqida video e’lon qilgan edi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

Rolikda ta’kidlanishicha, Buxoro davlat tibbiyot instituti kitoblar xaridi bo‘yicha “Bitubi Grupp” kompaniyasi bilan bir nechta shartnomalarni imzolagan bo‘lib, ularning muallifi sifatida institut rektori, professor Shuhrat Teshayev hamda OTMda mehnat shartnomasi asosida ishlagan Yelena Xaribova ko‘rsatilgan.

Foto: “Gazeta.uz”

Bitimning umumiy qiymati kamida 1,4 milliard so‘mni tashkil etgan, shu bilan birga, kitob narxi muntazam oshgan, ayrim bitimlar esa boshqa muqobil nomzodlardan foydali takliflar bildirilganiga qaramay, “Bitubi Grupp” nashriyot faoliyati bo‘yicha litsenziyani qo‘lga kiritishidan oldin imzolangan.

Foto: “Gazeta.uz”

Bundan tashqari, rektorning shaxsiy avtomobili bo‘lsa-da, u o‘zining qarindoshlarini xizmat mashinasida olib yurgan haydovchisini ishdan bo‘shatgani haqida ma’lumot berilgan. Haydovchining ta’kidlashicha, xizmat avtomobilidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish sabab yoqilg‘i sarfi belgilangan limitdan oshib keta boshlagan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining munosabati

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Buxoro viloyati prokuraturasi bilan hamkorlikda yuqoridagi holat bo‘yicha olib borilgan tekshirish ishlari natijasini ma’lum qildi.

Shuhrat Teshayev

Shuhrat Teshayev
Foto: “Bsmi.uz”

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, institut “Bitubi Grupp” bilan 721,2 million so‘mlik jami 1725 ta “Odam anatomiyasi. Atlas” kitobini xarid qilish bo‘yicha bitim imzolagan. Ushbu mablag‘ning 602,2 million so‘mi shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning mablag‘idan, 119 million so‘mi — budjet hisobidan moliyalashtirilgan. Kitoblarning barchasi balansga olingan va ularni sanash vaqtida kamchilik aniqlanmagan.

Agentlikning qayd etishicha, “Bitubi Grupp” nashriyot faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyani olguniga qadar ikkita shartnoma imzolangan. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun kompaniya bilan tuzilgan ikkita to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuv (299,7 million so‘m va 419,8 million so‘m) bekor qilindi.

Tekshiruv davomida Yelena Xaribova rostdan ham 2020-yilning 1-iyulidan 2021-yilning 1-apreliga qadar oliy ta’lim muassasasida mehnat shartnomasi asosida ishlagani aniqlangan.

Amrillo Inoyatov

Amrillo Inoyatov
Foto: “Gazeta.uz”

Lacetti xizmat avtomobilning 2019—2020-yillar uchun belgilangan limitdan oshib ketgan 1144 kubometr miqdordagi ortiqcha gaz sarfi uchun institutning sobiq rahbariyatidan 8,4 million so‘m undirib olingan. 2017—2020-yillar davomida institut rektori sifatida Amrillo Inoyatov faoliyat yuritgan bo‘lib, u 2020-yilning noyabridan buyon sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda.

Amaldagi rektor Shuhrat Teshayev esa 2021-yilning dastlabki ikki oyidagi ortiqcha sarflangan 158 kubometr gaz uchun 381 ming so‘m to‘lagan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi haydovchi B.D.ning noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilganini tasdiqlagan. Viloyat prokuraturasining aralashuvidan so‘ng, u o‘z lavozimiga qayta tiklangan.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida tibbiyot instituti Prezidentning 2018-yil 7-noyabrdagi qarori talablarini buzib, 7,8 milliard so‘mni (pullik ta’limga oid shartnomalar bo‘yicha tushumlar orqali to‘plangan) o‘z vaqtida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga o‘tkazmagani aniqlandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda yanvar oyida kimlarga eng yuqori maosh taklif qilindi?
Dunyo
“Rossiya yutqazadi, Ukraina g‘alabasi dunyoni o‘zgartiradi”: Zelenskiy Buyuk Britaniya parlamentida nutq so‘zladi (video)
Mahalliy
Qoraqalpog‘istondagi uyda gaz portlashi oqibatida bir kishi vafot etdi