AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova maktablarning karantinga olinishi jarayonlari va sohaga oid dolzarb masalalar yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: “Daryo”

Maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchilar orasida koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatlari aniqlangan taqdirda Sanitariya-epidemiologik xizmat markazlari tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi va tuman (shahar) hokimligiga taklif kiritib, Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari yoki hududiy komissiya qarorlari bilan ayrim maktablarning faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, 2 haftaga karantinga olinmoqda. Ushbu vaqt mobaynida mazkur maktablar onlayn tartibida faoliyat yuritadi.

22-aprel holatiga ko‘ra, Respublika bo‘yicha jami 10008 ta maktabdan 163 tasi (1,6 foizi) masofaviy ta’lim shakliga o‘tkazilgan. Bu raqamlar Sanitariya-epidemiologik xizmat markazlarining talabnomalaridan kelib chiqib o‘zgarib boradi.

Ma’lum qilinishicha, 2020/2021-o‘quv yili uchun “Onlayn maktab” ruknida jami 17 298 ta televizion dars o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida tasvirga olingan va ulardan 15 362 tasi efirga uzatilgan.

“Onlayn maktab” ruknidagi televizion darslar 2021-yilning 25-mayiga qadar belgilangan telekanallarda efirga berib boriladi. Shuningdek, @uzeduonlinemaktab Telegram kanali orqali o‘quvchilar darslarni qayta ko‘rib chiqish imkoniyatlari ham mavjud.

Bundan avval Samarqanddagi 31 ta maktabning o‘qituvchi va o‘quvchilarida koronavirus aniqlanganiToshkent viloyatidagi 14 ta maktab hamda Buxoro shahridagi maktab o‘quvchisida COVID-19 aniqlangani sabab maktab karantinga yopilgani haqida xabar berilgandi.