Buxoro shahridagi 3-o‘rta umumta’lim maktabi o‘quvchisida COVID-19 infeksiyasi qayd etilgani sababli o‘quv tizimi onlayn rejimga o‘tkazildi. Bu haqda viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ma’lumotiga tayanib, “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Shahar xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Najmiddinovning qayd etishicha, COVID-19 infeksiyasi aniqlangan 3-o‘rta umumta’lim maktabi o‘quvchisi shu maktabda tahsil olib kelgan akasi bilan ham muloqotda bo‘lgan. Viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xati asosida 7-apreldan maktabda o‘quv tizimi onlayn rejimga o‘tkazilgan.

“Boshqa o‘quvchi yoshlar va maktab jamoatchiligi salomatligini himoyalash, shuningdek, mazkur maktabda koronavirus infeksiyasining keng tarqalib ketishining oldini olish, epidemiologik zanjirni uzib qo‘yish hamda o‘quvchilarning alohidalanishini ta’minlash maqsadida o‘quv tizimi onlayn rejimga o‘tkazildi. Maxsus ko‘rsatma bo‘lgunga qadar onlayn o‘quv rejimi davom ettiriladi”, — dedi O‘tkir Najmiddinov.

Avvalroq Toshkent shahar hokimligi koronavirusga chalinish holatlari ko‘paygan tumandagi maktablarni onlayn ta’lim shakliga o‘tkazishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Toshkentning Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanidagi barcha maktablar 15-mart kuni onlayn ta’limga o‘tgandi. 1-apreldan ushbu maktablarda ta’limni an’anaviy tarzda davom ettirishga ruxsat berildi.

Ma’lumot uchun, epidemiologik holat og‘irlashgan hududlarda mahalliy hokimlik organlariga karantin talablarini kuchaytirish choralarini ko‘rish vakolati berilgan. Shuni inobatga olib, hududiy hokimliklar ba’zi tumanlardagi maktablarni to‘liq masofaviy ta’lim shakliga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin. O‘z navbatida, maktablar ma’muriyatiga sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha topshiriq berilgan.