Toshkent metropolitenida jamoat tartibini buzgan holda to‘y qilib, uni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan shaxslarga nisbatan chora ko‘rildi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent metropolitenida rasm va videoga olish taqiqlanmagan, ammo bu jamoat tartib qoidalarini buzmagan holda amalga oshirilishi kerak, deyiladi xabarda. Ta’kidlanishicha, metroga ovqat olib kirish mumkin, lekin uni iste’mol qilish mumkin emas. Jamoat joyida aholi tinchligini buzish hamda karantin tartibi kuchaygan vaqtda tibbiy niqoblarsiz oraliq masofani saqlamay yurish ham mumkin emas.

Metro vagonida video olganlar yuqoridagi qoidalarni buzishda ayblanib, tergovga chaqirilgan.

“Qilgan ishimizdan afsusdamiz. Bizlarni ko‘rib kimdir metroda yana nimadir uyushtirmasin. Jamoamiz bilan endi metroda video olmaymiz. Boshqacharoq kontent qilamiz, avvalgilariga o‘xshab bachkana emas”, – deydi ayblanuvchilar.

Qoidabuzarlarning har biriga Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumani Jinoiy ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik bo‘yicha kodeksning 183 (mayda bezorilik), 54 (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) va 115-moddalariga (metropolitendan foydalanish qoidalarini buzish) asosan jami BHMning 4 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Bundan avval Toshkent metropoliteni “3-bekat” tablosida paydo bo‘lgan uyatsiz yozuv yuzasidan izoh bergani, Toshkent metrosida poyezd ochiq eshik bilan harakatlangani ortidan 3 kishi ishdan olingani hamda Toshkent metrosining “Beruniy” bekatida ikki poyezd to‘qnashgani aytilgan videoga rasmiy izoh berilgani haqida xabar berilgandi.