Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni 2021-yilning 1-sentabr kuni foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan yangi Samarqand xalqaro aeroportining qurilish ishlari bilan tanishdi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Loyihaga ko‘ra, yangi yo‘lovchi terminali, uchish—qo‘nish yo‘lagi, samolyotlar uchun 26 ta turargoh va boshqa obyektlarni qurish rejalashtirilgan. Bugungi kunda uzunligi 3105 metr, eni 60 metr bo‘lgan uchish—qo‘nish yo‘lagining qurilishi yakunlangan, unga yorug‘lik signal va aeronavigatsion qurilmalar o‘rnatilmoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yangi terminal zamonaviy dizaynga ega bo‘lishi va soatiga 800 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi (yiliga 1,5 million yo‘lovchi) kutilmoqda. Aeroportning oldingi xizmat ko‘rsatish qobiliyati 400 yo‘lovchini tashkil etadi.

Loyiha 238,2 milliard so‘mga baholangan bo‘lib, ularning 200 milliard so‘mi hozirda ajratib bo‘lingan. Buyurtmachi Samarqand xalqaro aeroporti, loyihachi — “Aero-yo‘l loyiha”, pudratchi — “Samarqand yo‘llaridan muntazam foydalanish” MChJ.

Samarqanddagi tadqimot ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat qarori bilan aeroport va aerodrom majmuasini (aeronavigatsiya bundan mustasno) 20 yilgacha davlat-xususiy sherikchilik doirasida modernizatsiya qilish hamda boshqarish huquqini berish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Uzbekistan Airports kompaniyasi davlat tomonidan belgilangan sherik bo‘lsa, xususiy kompaniya — Air Marakanda MChJ QK.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risidagi bitimga ko‘ra, Air Marakanda aeroport infratuzilmasini rivojlantirishga 80 million dollar sarmoya kiritishi va konsession yig‘imlarni (foydadan ulush) to‘lashi kerak. Konsessiya — davlat mulkidagi obyektlarni investor hisobiga rekonstruksiya qilish borasidagi bitim bo‘lib, daromad yig‘ish orqali obyektni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Internetda tarqalgan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 176-sonli qarorida (manbaning ma’lum qilishicha, hujjat xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan) davlat-xususiy sherikchilik (DXSh) borasidagi bitim imzolangani va investitsiya miqdori 80 million dollar ekanligi tasdiqlangan. Hujjatda tendersiz, muzokaralar o‘tkazish yo‘li orqali Air Marakanda bilan DXSh borasida bitim imzolash belgilangan. Muzokaralar ayni vaqtda qaysi bosqichda ekanligi noma’lum, ammo kompaniya ishni boshlab yuborgan.

Air Marakanda Myunxen (Germaniya) va Istanbul (Turkiya) xalqaro aerportlari mutaxassislari bilan birgalikda ORAT (Operation Readiness, Activation and Transition) — foydalanishga topshirishga tayyorlik, ishga tushirish va operatsion faoliyatni yangi infratuzilishga o‘tkazish bo‘yicha uslublari tizimini joriy etish bo‘yicha ish olib bormoqda. Bu haqda Air Marakanda’ning tijoriy masalalar bo‘yicha direktori o‘rinbosari Artyom Pak “Zamon” informatsion dasturiga bergan intervyusida ham ta’kidlab o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning oldiga qo‘yilgan vazifalar orasida marshrut tarmog‘ini rivojlantirish, aeroportni modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish va boshqa masalalar o‘rin olgan.

Shuningdek, kompaniya aerodrom, terminalni boshqarish va yer ustida xizmat ko‘rsatishni muvofiqlashtirishga xalqaro ekspertni jalb etish niyatida.

Bundan tashqari, amalda mavjud bo‘lgan aviakompaniyalar (Uzbekistan Airlines, Turkish Airlines, “Aeroflot”, Nord Wind, Red Wings, S7 Airlines, Ural Airlines, UTair) bilan muntazam parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yish va yangilarini jalb etish (Asiana Airlines, Lufthansa, Air Astana, China Southern Airlines, “Yoqutiston”, Somon Air, Kam Air, “Ozarbayjon havo yo‘llari”, Almasria Universal Airline) rejalashtirilgan. Fly Dubai, Belavia, “Ukraina xalqaro aviatarmoqlari” va Air Cairo bilan memorandum imzolangan.

Air Marakanda yuk tashuvlarini rivojlantirish va narx siyosatini optimallashtirish ustida ishlashni reja qilgan:
  • aviayoqilg‘i narxini pasaytirish;
  • aviayoqilg‘i narxini bozor sharoitida shakllantirish;
  • iste’molchilarga xizmatlar narxini 20—30 foizga pasaytirish;
  • yuqori uchish chastotasiga ega aviakompaniyalar uchun aeroport stavkalari va yig‘imlarini pasaytirish.

Air Marakanda kompaniyasi haqida

Foto: “Gazeta.uz”

Air Marakanda kompaniyasi 2020-yilning 9-aprelida Samarqandda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Asosiy faoliyati — havo transporti sohasida xizmat ko‘rsatish. Uning rahbari sifatida G‘ayrat Ilhomovich Ne’matov ko‘rsatilgan, yagona ta’sischisi — Kiprdagi Drupola Holdings Limited ofshor kompaniyasi.

Kompaniyaning egasi kimligi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q, biroq ushbu yuridik manzilda (Αγίου Αθανασίου, 46, Interlink Hermes Plaza, Floor 4, Flat 400Α) Ferkensco Management Limited va Eriell Holding Company Limited joylashgan.

Shavkat Mirziyoyev va Baxtiyor Fozilov (o‘ngdagi) Samarqand aeroportidagi qurilish ishlari bilan tanishmoqda, 2021-yil 15-aprel

Shavkat Mirziyoyev va Baxtiyor Fozilov (o‘ngdagi) Samarqand aeroportidagi qurilish ishlari bilan tanishmoqda, 2021-yil 15-aprel
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Samarqandlik tadbirkor, Eriell Group neftservis kompaniyasi (asosiy aksiyadorligi aytilgan) va Enter Engineering (O‘zbekistondagi eng yirik EPC pudratchilardan biri) boshqaruv raisi Baxtiyor Fozilov 2020-yilning mayida bne IntelliNews’ga bergan intervyusida, shuningdek, Ferkensco kompaniyasiga egalik qilishini bildirgan edi.

2020-yilning fevralida Ferkensco “Samarqandkimyo”ning 100 foiz aksiyasini “nol” qiymatda sotib olishi va uning bazasida yangi kimyoviy kompleks yaratishi ma’lum bo‘lgandi. Loyiha 2019—2030-yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturiga kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra Kipr kompaniyasi “Samarqandkimyo” bazasida ammiak, karbamid, ammoniy sulfat va melamin ishlab chiqarish uchun 450 million dollar investitsiya kiritishni rejalashtirgan.

Foto: “Gazeta.uz”

Baxtiyor Fozilov, shuningdek, Samarqanddagi eshkak eshish kanali hududida turistik markaz va Marakanda Hotel Group brendi ostida bir nechta mehmonxonalar qurayotgan Samarkand Touristic Centre kompaniyasining 60 foiziga egalik qiladi (qolgan 40 foizi NBU Samarkand Invest’ga tegishli).

Aeroportni boshqravga berishning bundan oldingi urinishlari

2019-yilning may oxirlarida Rossiyaning “Novaport xolding” kompaniyasi va O‘zbekiston hujumati Urganchda Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini modernizatsiya qilish hamda rivojlantirishga doir investitsiya loyihalariga oid bitimlarni imzolagan edi. Keyinroq “Novaport” bilan muzokaralar hukumat aeroportni investor so‘raganidek 30 yilga konsessiyaga berishni istamagani uchun boshi berk ko‘chaga kirib qolgani ma’lum qilingandi.

Sobiq transport vaziri Elyor G‘aniyev 2020-yilning fevralida ushbu vaziyatga izoh berar ekan, aeroportlarni xorij kompaniyalar boshqaruviga berishdagi hamkorlik tender asosida yo‘lga qo‘yilishini bildirgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Mirobodda eng qimmat: Toshkentda noyabr oyi uchun uylar narxi tahlil qilindi
Mahalliy
“Daryo” kundaligida 2-dekabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
“Ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili, “yashil sertifikatlar”, energiya ulushini kamaytirish: Mirziyoyev “yashil” iqtisodiyot taqdimoti bilan tanishdi