O‘zbekistondagi 648 ming nafar ishsiz yigit-qizlar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lsa, shundan birinchi chorakda 282 ming nafarining bandligi ta’minlandi. Bu haqda ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Yanvar oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2 ta ustuvor yo‘nalish – yoshlarning bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Bugungi yig‘ilishda vazirlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, rektorlar bu borada ishlarni qanday tashkil etgani, yarim yillikda, 9 oy va yil yakuniga qadar erishiladigan aniq natijalar yuzasidan hisobot beradilar.
“Respublika bo‘yicha 648 ming nafar ishsizlar ‘Yoshlar daftari’ga kiritilgan bo‘lsa, shundan birinchi chorakda 282 ming yoshlarning bandligi ta’minlandi. Bu juda past ko‘rsatkich. Xususan, 175 ming nafar yoshga 45 ming gektar yer maydoni ajratildi, 76 ming nafar yoshlar doimiy va jamoat ishlariga joylashtirildi, 33 ming nafariga tadbirkorlik faoliyati uchun 800 milliard so‘m kredit, 6 ming nafariga subsidiya ajratilib, bandligiga ko‘maklashildi”, – dedi davlat rahbari.
Ta’kidlanishicha, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida 36 mingta qo‘shimcha turli to‘garaklar tashkil etilib, 874 mingga yaqin yigit-qizlar jalb etilgan. “Besh muhim tashabbus” doirasida 97 mingta madaniyat, sport inventarlari va kompyuterlar, 562 mingta badiiy kitob ta’lim muassasalari, kutubxona va o‘quv markazlariga yetkazib berilgan.
Bundan avval Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan ishlashni eplay olmagan bir qator amaldorlarni ishdan olgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)