Xitoyning Bozorni nazorat qilish va tartibga solish davlat bosh boshqarmasi Alibaba kompaniyasini monopoliyaga qarshi qonunni buzgani uchun 18,34 milliard yuan (2,78 milliard dollar) miqdorida jarimaga tortdi.

Foto: Retail

2020-yilning oxirida boshqarma Alibaba kompaniyasida monopoliyaga qarshi tekshiruv boshlagan edi. O‘z o‘rnida kompaniya olib borilayotgan tekshiruvlarda hukumat bilan faol hamkorlik qilishini va kompaniyaning faoliyati to‘xtatilmasligini ma’lum qilgan.

“Monopoliyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunning 47 va 48-moddalariga muvofiq va Alibaba Group’ning noqonuniy faoliyati, uning davomiyligi va hajmini hisobga olgan holda, 2021-yilning 10-aprel kuni Xitoyning Bozorni nazorat qilish va tartibga solish davlat bosh boshqarmasi kompaniyani 2019-yil ichki savdolardan tushgan jami 455,712 milliard yuanning 4 foizi (jami 18,228 milliard yuan) miqdorida jarimaga tortishga qaror qildi”, — deyiladi boshqarma saytidagi xabarda.

Ma’lumot uchun, avval Qualcomm kompaniyasi sof raqobat qoidalarini buzgani uchun 975 million dollar miqdorida Xitoy tarixidagi eng yirik jarimani to‘lagan edi.

Avvalroq Xitoy monopoliyaga qarshi kurash organlari hukumat bilan ziddiyatga borgan 56 yoshli milliarder Jek Maga tegishli Alibaba internet savdo tarmog‘iga rekord darajada jarima solishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Shanxaydagi chiqishidan so‘ng, Xitoy hukumati bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikdan keyin, Jek Ma muayyan vaqt omma oldida ko‘rinish bermagan. U Xitoyni tark etgan yoki hibsga olingan, degan taxminlar paydo bo‘lgan, ammo uning do‘stlari tadbirkor mamlakatda ekanini da’vo qilgan. 2021-yil yanvar oyida Jek Ma uch oy ichida birinchi marta jamoatchilik oldida paydo bo‘ldi.