Xitoy monopoliyaga qarshi kurash organlari hukumat bilan ziddiyatga borgan 56 yoshli milliarder Jek Maga tegishli Alibaba internet savdo tarmog‘iga rekord darajada jarima solishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal’ga tayanib, Meduza xabar berdi.

Foto: CNN

Jarima miqdori ochiqlanmagan, ammo nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tovon protsessor ishlab chiqaruvchi Qualcomm kompaniyasiga tayinlangan jarimadan yuqori bo‘lishi mumkin. 2015-yilda Qualcomm 975 million dollar miqdorida jarimaga tortilgan edi, bu Xitoy tarixidagi eng yirik korporativ jarima bo‘lgan.

Nashrning ta’kidlashicha, Xitoy ma’murlari, mahalliy aholi va global sarmoyadorlar orasida ommalashgan Alibaba’ni yo‘q qilish niyatida emas, ammo buning uchun korporatsiya o‘z asoschisi bilan aloqalarni uzishi va Xitoy Kommunistik partiyasi bilan yaqin hamkorlikda ishlay boshlashi kerak.

Monopoliyaga qarshi organlar, shuningdek, Alibaba’dan onlayn sotuvchilarini boshqa saytlarda savdo qilishini taqiqlovchi amaliyotidan voz kechishni talab qilishi mumkin, deyiladi nashrda. Shuningdek, vakolatli organlar korporatsiyadan asosiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan aktivlarining bir qismidan voz kechishni ham talab qilishi mumkin.

2020-yilning oktabr oxirida Shanxayda o‘tkazilgan anjumanda Ma xalqaro moliyaviy tartibga solish normalarini eskirgan deb atab, Xitoy banklari “Lombard mentaliteti”ga rioya qilayotganliklarini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng Xitoy moliyaviy regulyatorlari Mani suhbatga chaqirgan. Reuters manbasining so‘zlariga ko‘ra, Jek Ma biznesini to‘liq tekshiruv kutayotgani to‘g‘risida ogohlantirilgan. Noyabr oyida biznesmen Ant Group kompaniyasining rejalashtirgan IPO’sini so‘nggi daqiqalarda bekor qildi.

Shanxaydagi chiqishidan so‘ng, Jek Ma muayyan vaqt omma oldida ko‘rinish bermagan. U Xitoyni tark etgan yoki hibsga olingan, degan taxminlar paydo bo‘lgan, ammo uning do‘stlari tadbirkor mamlakatda ekanini da’vo qilgan. 2021-yil yanvar oyida Jek Ma uch oy ichida birinchi marta jamoatchilik oldida paydo bo‘ldi.

2020-yilning noyabridan boshlab Alibaba aksiyalarining pasayishi fonida Jek Maning boyligi 12 milliard dollardan ko‘proqqa — 61,7 milliarddan 49,1 milliardgacha kamaydi. Natijada Jek Ma Xitoyning eng boy odami maqomidan ayrildi va mamlakat miqyosidagi eng boy milliarderlar uchligidan ham tushib qoldi.