Mahalliylashtirish dasturi O‘zbekistonga yil oxiriga qadar qo‘shimcha 3 milliard dollardan ortiq miqdordagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va eksport hajmini 1 milliard dollarga oshirish imkonini beradi. Bu haqda 5-aprel kuni Toshkentda boshlangan “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi tadbirkorlik subyektlariga O‘zbekistondagi 2300 dan ortiq loyihalarda ishtirok etish hamda bir qator imtiyozlardan foydalanish, shu jumladan, ustuvor yer uchastkalari, binolar va inshootlarni olish imkoniyatini beradi.

Sardor Umrzoqovning ma’lum qilishicha, tashqi savdo rejimini liberallashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, uning doirasida “ko‘plab mahsulotlarga import, bojxona to‘lovlari va aksiz soliqlari sezilarli darajada kamaytirildi yoki to‘liq bekor qilindi”, shuningdek, import bo‘yicha barcha miqdoriy cheklovlar bekor qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakat YaIMda sanoat ulushi 26 foizdan 36 foizga oshgan, sanoat ishlab chiqarish hajmlari — 3,3 baravar, jumladan, metallurgiya sanoati — 10 baravar, avtomobil — 8 baravar, elektrotexnika — 5 baravar, kimyo — 3 baravar, tekstil — 2,6 baravar, farmatsevtika — 2 baravar, tog‘-kon sohasi — 3 baravar oshgan. Sanoat mahsulotlarining eksportdagi ulushi 24 foizdan 33,6 foizga qadar o‘sgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 10-martida bosh vaziri Abdulla Aripov “2020-2021-yillarda ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Dasturga muvofiq, hududlarda 3,1 milliard dollar miqdorida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarishni boshlash va 351,6 million dollarga eksport qilish rejalashtirilgan. Buning uchun 2300 dan ortiq loyiha amalga oshiriladi.

Fevralda O‘zbekistonda 500 dan ortiq xorij tovarlarini davlat xaridlarida ishtirok etishini taqiqlangan edi.

Ma’lumot uchun, 2020-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 36,3 milliard dollarni tashkil etdi (13,1 foizga kamaygan), eksport — 15,1 milliard dollar (-13,4 foiz), import — 21,2 milliard dollar (12,8 foizga kamaygan). Natijada salbiy saldo balansi 6 milliard dollarga ko‘tarildi.