“Bavariya” Chempionlar Ligasi chorak final dastlabki bahsi doirasida 7-aprel kuni PSJga qarshi kechgan bahsda mag‘lubiyatga uchradi (2:3).

Foto: Twitter

Myunxenliklar klubi Chempionlar Ligasida 20 o‘yin deganda ilk bor yutqazdi. Avvalroq nemis klubi 18 o‘yinni g‘alaba bilan yakunlagan va bitta durang qayd etgandi. So‘nggi bor “Bavariya” ushbu musobaqa doirasida 2019-yilning 13-martida “Liverpul”ga yutqazgandi (1:3).

Bu “Bavariya” ustozi Xans-Diter Flik uchun YChL doirasidagi ilk mag‘lubiyat bo‘ldi. Mutaxassis 2020-yilning noyabr oyida myunxenliklarni qabul qilib olganidan keyin shu kunga qadar musobaqada 14 g‘alaba va bir durangni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygandi.

Shuningdek, “Bavariya” barcha musobaqalarni hisoblaganda 2019-yilning noyabridan keyin birinchi marta o‘z uyida mag‘lub bo‘ldi. O‘shanda Myunxen klubi Bundesliga o‘yinida “Bayer”ga yengilgandi (1:2).

PSJ va “Bavariya” jamoalari o‘rtasidagi javob o‘yini 13-aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!