Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida Lacetti, Matiz, Spark va avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qilmoqda shahar IIBB.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Qayd etilishicha, 2021-yil 7-aprel kuni soat 09:45 da Yakkasaroy tumani Katta Mirobod ko‘chasida 28 yoshli samarqandlik A.I. Lacetti rusumli avtomobilni Sharof Rashidov ko‘chasi bo‘ylab boshqarish davomida boshqaruvni yo‘qotib, Katta Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasida svetoforning taqiqlovchi belgisiga to‘xtagan 35 yoshli Sh.Sh. boshqaruvidagi Spark  va 24 yoshli A.K. boshqaruvidagi Matiz bilan to‘qnashgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Shundan so‘ng Lacetti beton ustunga borib uriladi. Zarbadan Matiz ag‘darilib, qarshisida turgan 30 yoshli B.T. boshqaruvidagi Isuzu rusumli yo‘lovchi avtobusiga to‘qnashgan. YTH sabablariga aniqlik kiritilmoqda.

Foto: Toshkent shahar IIBB

YTH natijasida avtobus yo‘lovchilariga zarar yetmadi. Lacetti avtomobili va Spark avtomobili yo‘lovchisi badan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Mazkur fakt bo‘yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan tergovoldi tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Bundan avval Navoiyda Isuzu yo‘lning qatnov qismiga mast holda chiqib ketgan piyodani urib yuborgani, Toshkentda beshta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgani hamda Andijonda to‘rtta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.