Qo‘qon shahri hokimi Ma’rufjon Usmonov “2-Shaldiramoq” mahallasida yashovchi ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqaroning holidan xabar olib, qurilish ishlarida ishtirok etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, shaharning Baxmalbop ko‘chasi, 57-xonadonida yashovchi Hasan Soliyevning oilasi ijtimoiy og‘ir ahvoldagi xonadonlar ro‘yxatiga kiritilib, xonadonini homiylar hisobidan qayta qurib berish rejalashtirilgan. Ayni vaqtda bu yerda bir uy, bir dahliz va oshxona qurilishi boshlab yuborilgan.

Avvalroq Qo‘qon hokimi mazkur xonadonda bo‘lib, devor va daraxtlarni oqlagani haqida xabar berilgan edi.

Foto: “Daryo”

Bu safar Ma’rufjon Usmonov qurilish ishlarida ishtirok etib, yangi uyning devoriga g‘isht tergan.

Qayd etilishicha, 2021-yil davomida Qo‘qon shahrida 22 nafar ehtiyojmand oilaning uylari qayta qurib berilgan. Bugungi kunda ijtimoiy muhofazaga muhtoj yana 30 nafar fuqaroning xonadonida qurilish ishlari boshlangan.

Foto: “Daryo”

Ma’rufjon Usmonov, shuningdek, shaharning Turkiston ko‘chasidagi obodonlashtirish ishlarida ham qatnashib, manzarali daraxt va butalar ekkan. Ta’kidlanishicha, Qo‘qon shahrida 150 mingta daraxt ekiladi. Shu maqsadda Rossiyadan homiylar hisobidan 20 mingdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari keltirilgan.