Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanidagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining xodimlari tomonidan tashkilot rahbarini lavozimdan olish uchun ko‘chada namoyish uyushtirilgani haqida xabar berilgandi. Voqea yuzasidan Maktabgacha ta’lim vazirligi bayonot berdi.

Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha ta’lim vazirligining ichki audit xizmati tomonidan Qonliko‘l tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2021-yil yanvar oyida o‘rganish o‘tkazildi. 1-sonli DMTTning direktori E.Bekbergenova o‘z lavozimida 2018-yil 31-yanvardan 2020-yil 21-dekabrga qadar ishlab kelgan. Direktorning ustidan xodimlar tomonidan kelib tushgan shikoyatlarni o‘rganish maqsadida ishchi guruh shakllantirildi.

O‘rganish davomida MTT rahbari tomonidan 399,2 million so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan:

  • DMTTga har xil lavozimlarga ishga rasmiylashtirilgan 5 nafar fuqaro DMTTda ishlamagan va vazifa bajarmagan bo‘lsa-da, ularning nomiga 24,0 million so‘m ish haqi yozilib to‘langan;
  • 2018—2021-yillarda 33 nafar xodimning mutaxassisligi to‘g‘ri kelmasa-da, qo‘shimcha ish vazifalari noto‘g‘ri yuklanib hamda ushbu vazifalar bajarilmagan bo‘lsa-da, ularga 28,9 million so‘m ish haqi ortiqcha to‘langan;
  • 16 nafar xodimga 1,0 birlikdan ortiq ish-vazifalar yuklanib, ish-vazifalar uchun to‘langan 46,9 million so‘m ish haqi xodimlarning tushuntirish xatlariga ko‘ra Click xizmati orqali DMTT musiqachisi va DMTT direktori E.Bekbergenovaning plastik kartochkasiga o‘tkazib berilgan hamda shundan 8,5 million so‘m ish haqi haqiqatda bajarilmagan ish hajmi uchun to‘langan.
DMTTda 1,0 birlikda metodist lavozimida ishlagan G.Otepovaga 2020-yil yanvar va fevral oylarida mehnat qonunchiligiga zid ravishda tuman MTB tomonidan qo‘shimcha 0,5 birlik ish yurituvchi va 0,5 birlik sektor boshlig‘i vazifalari yuklatilgan va 838,5 ming so‘m o‘rindoshlik uchun ortiqcha to‘langan, G.Otepovaga 2019-yil noyabrdan 2020-yil fevral oyigacha DMTTdagi metodist vazifasi uchun to‘langanligi rasmiylashtirilgan ish haqining 60 foizi, jami 7,1 million so‘m DMTT direktori E.Bekbergenovaning plastik kartochkasiga Click xizmati orqali o‘tkazib kelingan.

DMTT direktori 3,63 birlik shtat birliklariga xodim olmasdan va bo‘sh ish o‘rni bo‘yicha tegishli mehnat organlariga hisobotlar topshirmasdan mehnat qonunchiligi buzilgan.

DMTT direktori E.Bekbergenova tomonidan bir nafar tarbiyachi-yordamchiga 2018-yil oktabr oyidan 2019-yil dekabr oyigacha o‘zining uyida har xil turdagi maishiy ishlarni, 2 nafar qorovulga 2020-yilning 5 oyi davomida o‘zining eski uyini buzdirib, yangi uy qurdirgan bo‘lsa-da, ushbu davr mobaynida ish vazifasini bajarmagan 2 nafar qorovulga va 1 nafar tarbiyachi-yordamchiga budjet hisobidan jami 16,1 million so‘m ish haqi ortiqcha to‘langan va DMTT uchun ajratilgan shtat birliklaridan o‘z manfaat yo‘llarida foydalangan.

Markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tomonidan mehnatga haq to‘lash me’yorlariga amal qilinmasdan 1,9 million so‘m ish haqi ortiqcha to‘langan.

Oziq-ovqat mahsulotlarini kunlik taomnomalarga qo‘shib yozish natijasida 7,3 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari asossiz hisobdan chiqarilgan. 2018—2020-yillarda 5,7 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari me’yordan ko‘p taomnomaga kiritilib, ortiqcha hisobdan chiqarilgan.

DMTT moddiy javobgar shaxsi hamda markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati xodimlari tomonidan nazorat tashkil etilmaganligi natijasida 5,2 million so‘mlik oziq-ovqat va 50,9 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar kamomadi hamda 0,7 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ortiqchaligiga yo‘l qo‘yilgan.

DMTT ombor mudiri va oshpazlari tushuntirish xatlariga ko‘ra, DMTTda 2018—2020-yillarda taomnomada yozilgan go‘sht va sut mahsulotlarining yarimi, ya’ni 4932 kilogramm 159,6 million so‘mlik go‘sht hamda 15 504,5 litr 53,1 million so‘mlik sut mahsulotlari qozonga solinmagan.

O‘rganish hujjatlari qonuniy qaror qabul qilish uchun O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qonliko‘l tuman bo‘limiga topshirilgan. Shuningdek, mudira vazirlik buyrug‘iga asosan 2020-yil 21-dekabrda lavozimidan ozod etildi.

Biroq 24—25-mart kunlari sud qarori asosida E.Bekbergenova lavozimiga qayta tiklangan. Shundan so‘ng MTT xodimlari o‘z norozilik namoyishlarini uyushtirgan. 5-aprel kuni Qoraqalpog‘iston MTVning ma’lum qilishicha, 1-sonli MTT direktori E.Bekbergenova qayta lavozimidan chetlashtirildi.

Bundan avval Buxoroda qurilish firmasi maktabga arzon elektr chiroqlarini o‘rnatish orqali 84 million so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani, Zangiotadagi bog‘cha mudirasi ishlamagan 37 kishining 983,5 million so‘m oyligini o‘zlashtirgani aniqlangani hamda Farg‘onada 2 tup chinor va bir tup tolni noqonuniy kestirgan bog‘cha mudirasiga 15 million so‘m jarima yozilgani haqida xabar berilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Rim papasi Putin va Zelenskiyga murojaat yo‘lladi
Sport
APL. “Manchester Siti” 9 ta gol urilgan derbida “Manchester Yunayted”ni tor-mor etdi. Holand va Fodendan het-trik
Sport
Superliga. “Nasaf” Toshkentda “Paxtakor”ni mag‘lub etib, yakka peshqadamga aylandi