Bugun yurtimiz sarhadlarining kattagina qismiga ekish ishlari avj olgan uzumzorlarning, to‘g‘rirog‘i, uzumning uzoq yillik tarixidan xabardormisiz?
Tarixga murojaat qiladigan bo‘lsak, geopalentologik va ampelografik tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, uzumchilik bilan bizning hududimizda bobolarimiz 6 ming yil avval shug‘ullanishgan, uzumzorlar tashkil qilibgina qolmasdan, balki o‘sha davrlardayoq uzumni qayta ishlab chiqarish, ya’ni vino mahsulotini tayyorlashni ham qoyilmaqom bajarishgan.
Qadimgi Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da ham dehqonchilik madaniyatining shakllanishi va rivojlanishi sug‘orma dehqonchilikka asoslanganligi, boshqa ekinlar va mevalar qatori uzumchilikka ham katta e’tibor berilganligini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, “Avesto”da sharob, may ishlab chiqarish ezgu ish hisoblanib, marosimlarda, kundalik hayotda ularni iste’mol qilish keng qo‘llanilgani ta’kidlangan. Demak, uzumning tarixi qadimiyligi va u o‘z davrining muhim mahsuloti ekanligi bilan ham ajralib turganligiga shubha yo‘q.
Qadimgi Tuproqqal’adan topilgan arxeologik topilmalar — xumxona, egasining nomi bitilmagan toshtaxta tarapanlar, uzum suvini chiqarishga moslangan idish, uzun jo‘mrakli ko‘plab katta-kichik ko‘zalar, vinoni yuk hayvonlarida tashish uchun moslashtirilgan, yon yuzasi bezatilgan mustaxora sopol idishlar, sharob, may ichish uchun maxsus idish, eng muhimi, qisman saqlanib qolgan bo‘lsada, yuksak san’at namunasi ekanligi bilan ajralib turuvchi uzum terayotgan ayol surati ham bu sohaning o‘z davrida e’tiborga molikligidan va o‘z davri madaniyatining yuksakligidan ham dalolat beradi.
O‘rta asrlarda yashagan venetsiyalik zodagon, sayohatchi Marko Polo o‘zining kundaliklarida: “Samarqand, Buxoro va boshqa mashhur shaharlar atroflari bog‘lar va tokzorlar bilan o‘ralgan. Bu yerlarda mahalliy xalqlar tomonidan tayyorlangan maylarni ichib ko‘rdim. Bu maylarning tayyorlanganligiga o‘n yillar bo‘lgan bo‘lsada, ularning sifati meni lol qoldirdi. Bunday maylarni men oldin hech qayerda ichmaganman”, — deb yozib qoldirgan.
Sobiq Ittifoq davrida respublikada paxta yakkahokimligi uzumchilikning jadal rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbekistondagi tokzorlar maydoni qisqartirilib, (1985—1986-yillarda) kattagina qismi yo‘q qilib yuborilgan. Natijada respublikaning qator hududlarida sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan uzumchilik va vinochilik tarmoqlari jiddiy zarar ko‘rgan.
Bugun mamlakatimizda soha rivoji uchun qabul qilinayotgan qator qaror va farmoyishlar o‘z mahsulini berdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Mustaqillikdan keyin hozirgi vaqtga qadar 30-40 ming gektardan ortiq, asosan lalmi va foydalanishdan chiqqan yer maydonlarda yangi tokzorlar barpo etildi. Shuni ta’kidlash kerakki, keyingi 3-4 yil soha uchun juda samarali keldi. O‘tgan 2020-yilning o‘zidagina respublikamizda fermer xo‘jaliklari va boshqa korxonalari tomonidan 22,6 ming gektar maydonda yangi tokzorlar barpo etildi. Shuningdek, 4,3 ming gektar maydondagi tokzorlar rekonstruksiya qilindi.
Joriy yilda respublikamizning lalmi va foydalanishdan chiqqan 40 ming gektardan ortiq maydonlarda yangi tokzorlar barpo etilib, 6,2 ming gektar maydondagi eski iqtisodiy samarasiz tokzorlar rekonstruksiya qilinadi.
Hech qanday mubolag‘asiz faxrlanib aytishimiz mumkinki, bizning hududda yetishtirilayotgan, iqlim, suv va havo, serquyosh yurt taftini olgan xo‘raki va kishmishbop uzumlar dunyoning boshqa mintaqalarida yo‘q. Keyingi yillarda respublikaning sohamizga taalluqli ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan mahalliy sharoitlarga mos, hosildor, yuqori sifatli mahsulot yetishtirish imkonini beruvchi “Go‘zal qora”, “Rizamat”, “Kishmish vira”, “Kishmish So‘g‘diyona”, “Kishmish Xishrau”, “Tarnau” va boshqa xo‘raki-kishmishbop navlar, “Magarachskiy”, “Muskat Uzbekistanskiy”, “Tashkentskiy”, “Rangdor”, “Oltinday” navli texnik uzum navlari yaratildi. Bu navlar hozirgi kunda sohibkorlar tomonidan katta maydonlarda ekilmoqda.
O‘zining uzoq yillik bosib o‘tgan yo‘li, asrlar silsilasidan omon qolgan va bugungi kunda ham tilyorar mazasi, shifobaxshligi va go‘zalligi bilan qalblardan bozor rastalari, supalar va so‘rilardan o‘rin olgan uzumni sevib iste’mol qilishingizni, uzumzorlar barpo qilishda davom etishingizni, sizdan kelajak avlod uchun yaxshi bog‘ va yaxshi nom qolishini istaymiz!
Reklama huquqi asosida.