Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga AQSh prezidenti Jo Bayden bilan Shimoliy Koreya maxsus xizmati tomonidan o‘g‘irlab ketilgan yaponiyaliklar muammosini muhokama qilmoqchi ekanini bildirdi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
“O‘g‘irlab ketilganlarning muammosini hal etish eng muhim masala hisoblanadi. Imkoniyatni boy bermay, ushbu maqsad va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun men [Bayden bilan] yuqori darajadagi muzokaralarda qo‘limdan kelganicha harakat qilaman”, — deb iqtibos keltirdi NHK telekanali hukumat rahbarining so‘zlaridan.
2002-yilda Pxenyan birinchi marta Yaponiyaning 13 nafar fuqarosini o‘g‘irlab ketganini tan olgan va ularning besh nafari vataniga qaytarilgan. Qolganlarining vafot etgani e’lon qilingan, ularning qarindoshlariga esa marhumlarning qoldiqlari yuborilgan, lekin ularning haqiqiyligi tasdiqlanmagan.
Bayden va Suganing uchrashuvi 16-aprel kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadi. Shimoliy Koreyadan tashqari, tomonlar Xitoy, iqlim o‘zgarishi muammolari va ikki tomonlama strategik ittifoq masalasini ham muhokama qilishi mumkin. Shuningdek, Yaponiya bosh vaziri Bayden bilan uchrashgan birinchi chet ellik hukumat rahbari bo‘ladi.
2009-yilning fevral oyida Yaponiyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Taro Aso ham Oq uyda AQShning 44-prezidenti Barak Obama bilan birinchi bo‘lib uchrashgan chet ellik hukumat rahbari bo‘lgan edi. Yaponiyaning undan keyingi bosh vaziri Sindzo Abe esa 45-prezident Donald Tramp bilan birinchi bo‘lib uchrashgan chet ellik davlat rahbari bo‘ldi. U Tramp bilan Nyu-Yorkda saylovlardan keyin, inauguratsiyadan oldin uchrashdi.
Avvalroq Yosixide Suga Pfizer kompaniyasining vaksinasi bilan emlandi. U koronavirusga qarshi jamoatchilik oldida emlangan birinchi yapon amaldori bo‘ldi. Vaksinatsiya vazirning AQSh prezidenti Jo Bayden bilan aprel oyiga rejalashtirilgan uchrashuvi oldidan amalga oshirildi.
Shuningdek, Yaponiya Shimoliy Koreyaning yana raketa uchirganini butun xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy muammo deb atadi.
Kyodo agentligining xabar berishicha, Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga Shimoliy Koreyaning ballistik raketa uchirishi munosabati bilan Milliy xavfsizlik kengashi majlisini chaqirdi.
Izoh (0)