Samarqand viloyatida 28-mart kuni kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Paxtachi tumanidagi Boltali—Bog‘oloni—Ziyovuddin yo‘lining 12—13-kilometrlari oralig‘idagi zovur ko‘prigi katta talafot ko‘rgani haqida xabar berilgan edi. Internet-foydalanuvchilar yomg‘ir va sel oqibatida jiddiy zarar ko‘rgan ushbu ko‘prik “yap-yangi qurilgan va asfalt qilingan”ini aytgandi.

Foto: Telegram / @PaxtachiZiyovuddin_news

O‘zAning ma’lum qilishicha, maktab o‘quvchilari piyodalar, transportlar muntazam qatnaydigan Paxtachi tumanidagi “Mirkan” va “Darg‘a” mahallalari orasidagi (uzunligi 8,6 metr) ushbu ko‘prik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidek, 2020-yilning noyabrida emas, 1971-yilda foydalanishga topshirilgan.

Jala yog‘ishi natijasida paydo bo‘lgan kuchli suv oqimi Boltali—Bog‘oloni—Ziyovuddin avtomobil yo‘lining 14-kilometridagi zovur ustidan o‘tuvchi ko‘prik qirg‘oqlarini yemirib, aynan ana shu eski ko‘prikni cho‘ktirib yuborgan.

Qayd etilishicha, Paxtachi tumani hokimi Muzafar Hamdamov boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar zudlik bilan hodisa joyiga yetib borib, holatni o‘rgangan. Shuningdek, aholi ehtiyojidan kelib chiqqan holda vaqtinchalik zovur bo‘ylab piyodalar va avtomobillar yo‘lagini tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Ish sur’atini tezlashtirish maqsadida tuman Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi va Obodonlashtirish boshqarmasi jalb etilgan.

Foto: O‘zA

“Birinchi galda maktab o‘quvchilarining o‘quv mashg‘ulotlariga xavfsiz qatnovini tiklashimiz kerak edi. Bundan tashqari transportlar uchun ham nimadir qilmasak bo‘lmasdi. 50 yillik eski ko‘prikni kengaytirib, qaytadan qurishimizga to‘g‘ri keladi va bunga kuchimiz ham yetadi. Ammo ozgina vaqt kerak”, — degan Hamdamov.

Xabarda aytilishicha, tuman hokimligi va mutasaddilar sa’y-harakati bilan 1-apreldan boshlab Boltali—Bog‘oloni—Ziyovuddin yo‘nalishi bo‘ylab transportlar qatnovi to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, avvalgiga qaraganda mustahkam va zamonaviy yangi ko‘prikni qurish bo‘yicha ham loyihalar o‘rganilishi boshlab yuborildi.