Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Minsk teri ishlab chiqarish birlashmasining ishchi jamoasi vakillari bilan uchrashuvda mamlakatda pensiya yoshiga oid yangi qarorlar rejalashtirilmaganini ta’kidladi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Foto: AP Photo

“Barcha qarorlar qabul qilib bo‘lingan [nafaqa yoshi masalasida]. Shu yo‘nalish bo‘yicha harakat qilamiz... Men ham tez orada sizlar bilan birgalikda nafaqaga chiqaman. Sakson yoshgacha ishlab, keyin nafaqaga chiqamanmi? Samolyotga chiqayotganda zinapoyalaridan yiqilib tushaman”, — dedi Lukashenko. U 30-avgust kuni 67 yoshga to‘ladi.

2021-yilning 1-yanvaridan boshlab Belarusda nafaqa yoshi yarim yilga uzaytirildi, endi erkaklar 62,5, ayollar 57,5 yoshda nafaqaga chiqishi mumkin.

Avvalroq Lukashenko pensiya ta’minotini yaxshilash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, 2017-yildan boshlab mamlakatda nafaqa yoshini bosqichma-bosqich har yili olti oyga oshirish boshlandi. Nafaqa islohotining natijasi belgilangan yoshning ayollar uchun 58, erkaklar uchun 63 gacha o‘sishi bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Belarusdagi prezidentlik saylovlari 9-avgust kuni o‘tkazilgan. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Lukashenko 80,1 foiz ovoz bilan saylovlarda g‘olib deb topilgan. Endi u mamlakatni 2024-yilgacha boshqaradi. U mamlakatni 26 yildan buyon boshqarib kelmoqda.

Shuningdek, Xitoyda o‘n to‘rtinchi besh yillik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejasini (2021—2025) amalga oshirish jarayonida pensiya yoshi asta-sekin uzaytirib boriladi, dedi Xitoy xalq respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Kesyan.

“Aholining 95 foizini keksalik nafaqasi sug‘urtasi bilan ta’minlash orqali me’yoriy nafaqa yoshi bosqichma-bosqich o‘sib boradi”, — dedi bosh vazir Pekinda bo‘lib o‘tgan Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi sessiyasidagi hukumat ishi to‘g‘risidagi hisobotida.