Shavkat Mirziyoyev Chirchiqqa tashrifi chog‘ida “Iftixor” mahallasi aholisi bilan suhbatlashgani to‘g‘risida xabar berilgandi. “Gazeta.uz”ning yozishicha, Prezident shahar aholisi bilan suhbat davomida Chirchiq shahrida “elektrichka” yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ta’kidlanishicha, Prezidentning tashrifi davomida shahar ayollaridan biri davlat rahbariga xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilayotgani, tadbirkorlikka o‘qitish va tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar uchun minnatdorchilik bildirgan.

“Avvalambor sizlarni Navro‘z bayrami bilan tabriklayman. Ertaga viloyatga hokim saylaymiz. Xudo xohlasa Chirchiqni mutlaqo boshqacha qilamiz. Qurilishlar, ichki yo‘llar, elektr energiya va gazini, barcha masalani hal qilamiz. Eng katta narsa kerak bo‘lsa, ‘elektrichka’ni yo‘lga qo‘yamiz. Agar u ham ma’qul bo‘lmasa Toshkentdan Chirchiqqa qarab yerusti metrosini ham quramiz. Toshkentga qulay borib kelishlaring uchun. Umuman sanoatda ishlab chiqarishni ko‘paytirib, sizlarga va farzandlaringizga ish joyini tashkil qilamiz. Nuroniylarimizga dam olish maskanlarini quramiz. Chirchiq ancha charchab qoldi. Ya’ni suv quvurlari, elektr energiya ta’minoti charchagan. Kechasi yorug‘lik, sveti yo‘q desak bu ham to‘g‘ri. Tegirmon navbati bilan degandek, sekin-sekin hamma masalalarni hal etamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqot chog‘ida podyezddan boshqalar qarab turganini ko‘rgan Prezident ularni ham suhbatga tortgan. Davlat rahbari “Shu yerda yashaysizlarmi? Issiq suv bormi? Nima muammolar bor, sizlarni nima qiynayapti?” deb so‘ragan. Ayollardan biri uyni isitish bilan muammolar borligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 18-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi qurilish ishlari bilan tanishdi.