Bundan 145 yil oldin, 1876-yil 3-mart (hozirda amalda bo‘lgan yil hisobi bo‘yicha) kuni O‘rta Osiyo xonliklari orasida hududi jihatidan eng kattasi bo‘lgan Qo‘qon xonligi Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan to‘liq tor-mor etildi va imperiya tarkibiga qo‘shib yuborildi. “Daryo” sana munosabati bilan Qo‘qon xonligining tugatilishi tarixiga nazar tashlaydi.
Geosiyosatda “Katta o‘yin” konsepsiyasi nomini olgan Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyasining O‘rta Osiyoni egallashga qaratilgan raqobatida turli faktorlar sabab ustun bo‘lgan Rossiya o‘lkamizdagi xonliklarni birin-ketin mag‘lub etdi.
Rus imperatori Aleksandr II tomonidan tashkil etilgan yurishlar O‘rta Osiyoni to‘liq egallab, Afg‘oniston, undan esa Hindistonga qaratilgan edi. Buyuk Britaniyaning Hindistonni bosib olishi, imperatorning tashqi siyosatda faollik ko‘rsatishiga qandaydir ma’noda turtki ham berdi.
Rossiya imperiyasi va Qo‘qon xonligi o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar ancha murakkab tarixga ega. XVI asrdan keyin Rossiya chegaralarining janubga tomon surilib borishi,1740-yillarda qozoq juzlarining rus imperatoriga sodiqlik qasamini ichishi ikki davlat o‘rtasidagi chegaralarni yanada yaqinlashtirdi. Bu esa o‘z navbatida Qo‘qon xonlarini tashvishga soldi.XIX asrning 30-yillarida O‘rta juz qozoqlari bilan bo‘lgan voqealar munosabati bilan Rossiya agressiv siyosatini yanada kuchaytirdi.
Oqmasjidning egallanishi
Orenburg harbiy gubernatori Obruchev Rossiya fuqarolari hisoblangan qozoqlarni himoya qilish maqsadida 1847-yilda Sirdaryoning quyi oqimiga yaqin joyda Raim istehkomini qurdi va Oqmasjid qal’asini egallashni taklif qildi. Aslida bu istehkom kelgusidagi harbiy yurishlarda tayanch vazifasini bajarishi lozim edi. Ana shunday istehkomlardan yana biri Yettisuv Olatog‘ida qurilgan Kopal istehkomi edi.Orenburgning yangi gubernatori Perovskiy 1852-yilda tashabbus ko‘rsatib, polkovnik Blarambergni 500 kishilik otryad bilan Qo‘qon xonligiga hujum uyushtirish uchun yubordi. Otryad xonlikning ikki qal’asi Kumushqo‘rg‘on va Chimqo‘rg‘onni vayron qildi, lekin Oqmasjidda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, ortga qaytdi. Ushbu qal’a 1817-yilda Amir Umarxon buyrug‘i bilan qurilgan chegara istehkomi bo‘lib, xonlik uchun muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan.
1853-yilda Perovskiy shaxsan o‘zi boshchiligida Oqmasjidga “ekspeditsiya” uyushtirdi. Qal’ada 3 ta to‘p bilan qurollangan 300 nafar sarbozlar kuchlarning notengligi, Chimkentdan kelishi kerak bo‘lgan yordamning kelmagani oqibatida 22 kunlik qamaldan so‘ng, 27-iyul kuni Oqmasjid qal’asini boy berdi. Tez orada Oqmasjid nomi Fort-Perovskiyga o‘zgartirildi va keyingi yurishlar uchun tayanch sifatida foydalanildi.
Bu asta-sekin Orenburg va G‘arbiy Sibir, keyinroq Sirdaryo chegara chiziqlari shakllanishiga olib keldi. Rossiya imperiyasining harbiy-siyosiy rahbariyati ushbu chegara chiziqlarini birlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu O‘rta Osiyoga uzil-kesil harbiy yurishlarning boshlanishini anglatar edi. 1860-yillarning boshlariga kelib ushbu yo‘nalishlarning chekka nuqtalari bo‘lmish Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i va Pishpak qal’asi (hozirgi Bishkek shahri) allaqachon Rossiya davlatining tarkibiga kirgan edi.
Toshkentning egallanishi
Rossiya imperiyasining keyingi nishoni Qo‘qon xonligining eng katta shaharlaridan biri, savdo markazi bo‘lgan Toshkent shahri edi. Rus harbiylari Toshkent strategik nuqtai nazardan juda qulay ekanini, bu yerni bosib olish bilan, Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligiga kelgusidagi yurishlar uchun platsdarm hosil qilish mumkin ekanini juda yaxshi anglaganlar.1864-yilda, biri Orenburgdan, ikkinchisi G‘arbiy Sibirdan bo‘lgan ikkita otryad bir-biriga qarab yo‘lga chiqdi. G‘arbiy Sibir otryadi polkovnik Chernyayev boshchiligidagi 2500 kishi Verniy (Olmaota) dan jo‘nab ketib, 1864-yil 5-iyun kuni Avliyoota qal’asini shturm bilan egallab oldi. 1200 kishidan iborat Orenburg otryadi esa polkovnik Veryovkin boshchiligida Perovskiy-Fortidan Turkiston shahriga yurdi va 12-iyun kuni egalladi. Chernyayev Avliyotada garnizonni qoldirib, 1298 kishilik otryad bilan, Chimkent tomon harakatlandi va 23-sentyabr kuni shaharni shturm bilan egalladi. Endi O‘rta Osiyoning eng yirik savdo markazi Toshkent uchun yo‘l ochiq edi. Chimkentdagi g‘alabadan keyin, Chernyayev Toshkentni egallashga shoshildi. Biroq hujum juda muvaffaqiyatsiz tugadi, u ortga qaytishga majbur bo‘ldi.
1865-yilda yangi bosib olingan hamda sobiq Sirdaryo chizig‘i hududlari qo‘shilishi bilan Turkiston viloyati tashkil topdi, uning harbiy gubernatori etib Chernyayev tayinlandi. Chernyaev 29-aprel kuni Buxoro amiri Toshkentni egallab olmoqchi degan mish-mishlar ortidan Toshkentga kiruvchi suvlarni nazorat qilish imkonini beruvchi kichik Niyozbek qo‘rg‘onini egalladi. U 1951 kishilik otryad hamda 12 ta to‘p bilan Toshkentdan 8 verst masofada qarorgoh qurdi. Bu vaqtda Toshkentda Qo‘qon xonligi bosh qo‘mondoni Amirlashkar Alimqul 50 ta to‘p va 30 mingta sarboz bilan himoyani tashkil etgandi. 9-may kuni shahar uchun ayovsiz janglar boshlandi. Dastlab qo‘qonliklar qo‘shining qo‘li baland kela boshladi, biroq Amirlashkar Alimqul daydi o‘qdan og‘ir yaralandi va vafot etdi. Uning o‘limi Toshkent mudofaasida noxush burilish yasadi: shahar ichida siyosiy guruhlarning kurashi keskinlashdi va bu qal’a devorlaridagi himoyani sustlashtirdi. Chernyayev bundan foydalanishga qaror qildi va uch kunlik shturmdan so‘ng (15-17-may) Toshkentni egallab oldi. Qo‘qonliklar katta talafot ko‘rdilar, rus qo‘shini ham Toshkentgacha bunday yo‘qotishga uchramagandi: 25 kishi halok bo‘ldi va 117 kishi yaralandi. 1866-yilda Erjar yaqinidagi jangdan so‘ng Xo‘jand ham egallandi. Toshkentning egallanishi Qo‘qon va Buxoroni bir biridan ajratib qo‘ygan bo‘lsa, Amirlashkar Alimqulning vafoti Qo‘qon xonligi mudofaasini tashkil etishi mumkin bo‘lgan, yaxshigina harbiy bilimlarga ega qo‘mondondan mahrum qildi. Bundan keyingi voqealarda qo‘shinlarning boshini birlashtiradigan ana shunday qo‘mondonning yo‘qligi ham pand berdi.
Rossiya qaramligiga tushish
Toshkentdagi mag‘lubiyat, Buxoroning qaramlikka solinishi o‘zi shundoq ham qo‘rqoq fe’l-atvorga ega Xudoyorxonga katta zarba bo‘ldi. U endi Rossiya bilan yaqinlashish yo‘lini qidira boshlaydi. 1868-yilda general-adyutant fon Kaufman tomonidan unga taklif qilingan savdo shartnomasi Xudoyorxon uchun ayni muddao bo‘ldi. Shartnomani qabul qilish orqali o‘zini Rus imperatoriga xayrixoh ekanini ko‘rsatdi. Sharnomaga ko‘ra, har ikki davlat savdogarlari ikki davlat chegaralarida erkin harakatlanishi mumkin bo‘ldi. Savdo agentliklarini saqlash (karvon -bashi), bojlar tovar qiymatining 2,5 % dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda olinishi belgilandi. Bu Rossiya tovarlari uchun Qo‘qon bozorlari “eshik” larini katta qilib ochib berdi. 1868-yilda tuzilgan tijorat shartnomasi aslida Qo‘qonni Rossiyaga qaram davlatga aylantirdi.Xudoyorxon va Rossiya bosqiniga qarshi qo‘zg‘alonlar
Bir tomondan Turkiston general-gubernatorligining tuzilishi va uning bosimining kuchayishi, ichki nizolar, siyosiy kurashlar va boshboshdoqlikning avj olishi, ikkinchi tomondan tinkani qurituvchi soliqlar va majburiyatlar xonlik aholisini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Xudoyarxon bir necha yil davomida itoatkorlik bilan Turkiston hokimiyatining irodasini bajardiKaufman 1871-yilda Sankt-Peterburgga yuborgan xabarnomasida Xudoyorxon “Rossiya bilan adovat yoki unga qarshi turish kabi har qanday fikrdan” voz kechgani haqida ishonch bilan fikr bildirdi. Xonni, hattoki, I darajali Muqaddas Stanislav ordeni brilliant belgisi bilan taqdirlashadi. Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida, uning o‘rta va quyi oqimlarida, shuningdek, Toshkent, Avliyoota, Pishpak va boshqa shaharlarda Rossiya hukumatining o‘rnatilishi xon xazinasiga soliq tushumlarini keskin kamaytirdi. Soliq tushumlarini kamayib ketmasligi uchun hududlar aholisidan olinadigan soliqlar miqdori va turlarini ko‘paytirish hisobiga qoplashga harakat qildilar va aholini turmushini butunlay vayron qildilar. Manbalarda keltirilishicha, hatto kambag‘allar keltirib sotadigan qamish, shoh-shabba, yantoq va boshqalardan ham soliqlar undirilgan. Bundan tashqari, ish haqi ololmagan sarbozlar ham aholini shunchaki talon-taroj qilardilar.
Zulmdan to‘ygan xalq 1873-1874-yil bahorida Qo‘qon xonligida bir necha bor qo‘zg‘alonlar ko‘tardi (Andijonda Ma’mir Mergan, Chotqolda Ma’mun Shoumrzoq), ammo xon ularni bostirishga erishdi. Tarixda Po‘latxon qo‘zg‘oloni deb nom olgan bu xalq harakatiga Asli ismi Mulla Is’hoq Mulla Hasan o‘g‘li bo‘lgan, o‘zini Po‘latxon deb e’lon qilgan shaxs boshchilik qiladi. Qo‘qonlik amaldorlar Xudoyorxonga qarshi chiqishi uchun 1872-yilda Samarqandga borib Qo‘qon hukmdori bo‘lgan Olimbekning nabirasi Po‘latxon oldiga boradilar, biroq Po‘latxon siyosiy kurashlarga umuman aralashmasligini bildiradi. Bu amaldorlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan Mulla Is’hoq Mulla Hasan o‘g‘li Po‘latxon nomi bilan Xudoyorxonga qarshi chiqishga ahd qiladi. Qo‘zg‘alonchilar Namanganga joylashadilar, biroq Abdurahmon Oftobachi boshliq xonlik qo‘shinlari qo‘zg‘olonchilarni mag‘lub etib, quvib yuboradilar. 1875-yil bahorida endi Xudoyorxonga qarshi, hatto, Qo‘qon zodagonlari ham bosh ko‘taradi. Shu yili Po‘latbek tomonidan O‘zganda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirish uchun borgan 4000 ming kishilik xonlik qo‘shini qo‘zg‘alonchilar tomoniga o‘tib ketadi. 1875-yil 15-iyulda Rossiya elchisi Vaynberg Qoshg‘arga sayohat qilgan Skobelev va 22 kazaklardan iborat karvon hamrohligida Qo‘qonga keladi. 17-iyulda isyonchilarga yuborilgan qo‘shin qo‘zg‘olonchilar bilan birlashgani haqida xabar keladi. Ularning boshida bir paytlar xonlikda eng qudratli shaxs bo‘lgan Musulmonqulning o‘g‘li Abdurahmon Oftobachi, mulla Iso Avliyo va xonning ukasi, Marg‘ilon hukmdori Sulton Murodbek turgan edi. Shuningdek, taxt vorisi, Andijon hokimi Nasriddinxon ham 5000 kishilik sarbozlari bilan qo‘zg‘alonchilar safiga o‘tadi.
O‘sh va Namangan shaharlari ular uchun eshiklarini ochadi. 20-iyul kuni isyonchilar Marg‘ilonga (Qo‘qondan atigi 77 km uzoqlikda) jangsiz kirishgani ma’lum bo‘ldi. Mulla Iso Avliyo xalqni ruslar va ularning sheriklariga qarshi g‘azotga (muqaddas urush) chorlaydi. Vaynberg zudlik bilan general Golovachevga yordam so‘rab xat yuboradi.
Endilikda Xudoyorxonning Rossiya kuchlaridan yordam so‘rshdan boshqa yo‘li yo‘q edi. U fon Kaufmanga yordam so‘rab murojaat qiladi: “Shu kunlardagi og‘ir va baxtsiz paytlarda, mening Mulla Iso Avliyo, Abdurahmon parvonachi, Xolnazar parvonachi singari eng ishonchli kishilarim qo‘shin bilan dushmanlarim – qirg‘iz qo‘zg‘alonchilariga qo‘shildilar hamda menga qarshi urushmoqchilar.
Men hamma vaqt siz, oliy hazratlaridan do‘stlik va yordam kutib turganligim boisidan, bu gal ham meni e’tibordan chetda qoldirmagaysiz. Shaxsan o‘zimni va Qo‘qon xonligini Ulug‘ imerator ixtiyoriga topshiraman hamda qo‘shinni to‘plar bilan birgalikda, imkoni boricha tezroq Qo‘qon shahriga yuborishingizni so‘rayman”, - deyiladi xatda.
22-iyulga o‘tar kechasi qo‘zg‘alonchilar Qo‘qonga yaqinlashdilar. Xon qo‘shinining yarmi darhol Xudoyorxonning ikkinchi o‘g‘li – Olimbek bilan birga ularning yoniga o‘tdilar. Ertalab shahar aholisi orasida notinchlik boshlandi. Xudoyorxon Rossiya hukumati himoyasi ostida panoh topishga qaror qilib, 68 ta to‘p va xazinalar ortilgan karvon bilan 8000 kishilik qo‘shin boshida Xojandga boradigan yo‘l bo‘ylab harakatlandi. Rossiya elchixonasi vakillari Vaynberg, Skobelev, oz sonli harbiylar va savdogarlar xon bilan birga bordi. Qo‘qondan olti kilometr narida xon qo‘zg‘olonchilarga qarshi jang qilish uchun to‘xtadi, ammo uning butun qo‘shini boshqalardan o‘rnak olib, dushman tomoniga o‘tib ketdi. Faqat 500 ga yaqin askar va Rossiya elchixonasi vakillari u bilan qoldi. Isyonchilar ularning ortidan quvib bordilar, Xudoyorxon 24-iyul kuni Xo‘jandga yetib keldi.
Xudoyorxon qochib ketgach, qo‘zg‘alon butun xonlikni qamrab oldi. Nasriddinbek hukmdor deb e’lon qilindi. O‘lkadagi Rossiya ma’muriyati Xudoyorxonning qochib ketishi ortidan vujudga kelgan og‘ir vaziyatdan foydalanishga qaror qiladi. Verniyda bo‘lgan Kaufman 1875-yil 27-iyulda Xudoyorxonni Toshkentga jo‘natishni telegraf orqali buyurdi. 5 va 6-avgust kunlari 10 mingdan ortiq kishidan iborat Qo‘qon armiyasi tog‘lardan tushib Ohangaron daryosidagi bir nechta qishloqlarni egallab oldi. Qo‘qonliklarning otryadlaridan biri Toshkent va Xo‘jand oralig‘idagi pochta bekatlarini yoqib yubordi. Hujumlar vaqtida Pskent bekatida bo‘lgan sobiq xon o‘limdan qutulib qoladi.
Qo‘qon qo‘shinlari ruslar tomonidan bosib olingan Toshkent va Xo‘jand chegaralariga bostirib kirib, dushmanga zarba berishga uringan. Golovachyov otryadi Ohangaron vodiysidagi Obliq-Tilov atroflarida qo‘qonliklarga zarba berib, g‘alabaga erishadi.
18-avgust kuni Kaufman qo‘shin bilan Xo‘jandga boradi. Bundan oldinroq polkovnik Yefimovich 200 kazak artilleriya divizioni bilan Samarqanddan keladi.
Kaufman Qo‘qon xonligiga qarshi kurashish maqsadida barcha harbiy kuchlarni Xo‘jandga yig‘a boshlaydi. Buning natijasida, bu yerda 16 rota piyoda askar, shu jumladan, bitta sapyor rotasi, 20 ta to‘p, 900 otliq soldat va 8 ta raketa stanoklari jamlangan edi.
1875-yil 20-avgustda Kaufman o‘sha qo‘shin bilan Xo‘janddan chiqib Qo‘qon yo‘li bo‘ylab yurdi, 40 chaqirim yo‘l bosgandan keyin Mahram istehkomiga kelib, uni bosib olishga kirishdi. Bu qal’ada Abdurahmon Oftobachi boshliq qo‘qonliklarning 50 minglik qo‘shini kutib turardi. 1875-yil 22-avgustda shaxsan Kaufman qo‘mondonligida qo‘shin Mahramning orqa tomonidan hujum boshladi. Tinimsiz to‘pga tutilgach, Mahram darvozasi buzilib, qal’a egallandi. Qal’a himoyachilari daryo tomonga chekindi, lekin ularning juda ko‘pchiligi halok bo‘ldi. Mahramdagi mag‘lubiyat xonlik taqdirini uzil-kesil hal qilgan omillardan biri hisoblanadi.
26-avgustda Kaufmanning otryadi Qo‘qonga yetib keladi. Nasriddinxon tinchlik so‘rab, uni kutib olish uchun chiqadi. 30-avgust kuni Marg‘ilon hukmdori Murodbekdan uzrnoma keladi. O‘z ittifoqchilaridan mahrum bo‘lgan Abdurahmon Oftobachi orqaga chekindi. Uni ta’qib qilib, Mingtepa qishlog‘i yaqinida Abdurahmon Oftobachi qo‘shinlarining orqa qo‘riqchisini mag‘lub etdi. 10-sentabr kuni askarlar va kazaklar O‘sh shahriga kirib keldi. Bu voqealardan so‘ng Oftobachining tarafdorlari tarqalib ketdi va atigi 400 askar bilan Andijon va O‘zgan o‘rtasi tomon yurdi.
1875-yil 29-avgustda Kaufman katta qo‘shin bilan Qo‘qon shahriga kelganda Nasriddinxon boshliq nufuzli kishilar “xalq nomidan tuz va nonni qabul qilishni hamda hukmdor imperatordan xalqqa rahm-shafqat” so‘raganlar. Kaufman bu so‘rovni mamnuniyat bilan inobatga oldi va Qo‘qon shahrini urushsiz egallagani to‘g‘risida imperatorga telegramma jo‘natdi. Kaufman 1875-yil 5-sentyabrda Marg‘ilonga qarab yurdi. Bundan xabar topgan Abdurahmon Oftobachi Marg‘ilonni tashlab ketdi. Kaufman polkovnik Skobelev boshchiligidagi otryadni Abdurahmon Oftobachining orqasidan jo‘natdi, ular Mingtepaga yaqinlashganda Abdurahmon Oftobachi boshliq qo‘zg‘olonchilarning tarqalib ketgani va tog‘larga qochgani ma’lum bo‘ldi.
23-sentabrda fon Kaufman Nasriddinxon bilan Qo‘qonni asoratga soluvchi tinchlik shartnomasi imzolanishiga erishdi. Unda xonning Rossiyadan boshqa har qanday kuch bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri diplomatik shartnomalar tuzishdan bosh tortishi ko‘zda tutilgan edi. Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi Namangan bekligiga qaragan yerlar Namangan departamenti nomi bilan Turkiston general gubernatorligi tarkibiga kiritildi. M.D. Skobelev ushbu bo‘lim boshlig‘i bo‘ldi.
25-sentabrda rus qo‘shinlari Sirdaryodan o‘tib Namanganni egalladi. Bu vaqtda xonlikning sharqiy qismidagi himoyachilar yana bosh ko‘tardi. Oftobachining taklifiga binoan qirg‘izlardan bo‘lgan Po‘latbek Andijonning Bo‘taqora qishlog‘ida xon deb e’lon qilindi. Andijon shahri qo‘zg‘alonchilar harbiy markaziga aylandi. Biroq Po‘latxon rus qo‘shinlariga qarshi tura olmadi. Oktabr oyi boshlarida general-mayor V. N. Trotskiy boshchiligidagi 8 ta to‘p, 4 ta raketa stanogi bilan qurollangan 1400 kishilik qo‘shin ularni mag‘lubiyatga uchratdi. Shahar ikki kun to‘xtovsiz to‘pga tutilgan, ammo qarshilik to‘xtamagan. Rus qo‘shinlari Andijonni egallay olmadi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Andijonda shaxsan Skobelev boshchiligida 20 ming kishi o‘ldirilgan.
Qo‘qonda yana yangi tartibsizlik boshlandi. Abdurahmon Oftobachi tomonidan qo‘zg‘atilgan aholi xonning saroyiga hujum qildi. Nasriddinxon ham otasi kabi rus qo‘shinlari himoyasi ostida qochib ketdi.
Bu orada Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida Namanganning sobiq hokimi Botir To‘rabek ham atrofiga odam to‘plab, bosqinchilarga qarshi bosh ko‘tardi. 1875-yil 16-oktabrda Kaufman buyrug‘i bilan Namanganga general Skobelev boshchiligida 14 rota, 500 kazak, 4 raketa stanogi va 16 to‘pdan iborat yangi harbiy kuchlar yuborildi. U 1875-yil 23-oktabrda To‘raqo‘rg‘on qo‘zg‘olonchilarini yengib, ko‘p odamlarni o‘ldirdi.
Namanganda bosqinchilarga qarshi kayfiyat kuchayib, barcha aholi qochib kelgan Botir To‘ra tarafiga o‘tgan. Namangan egallanib, rus garnizoni qo‘rg‘onda yashirinib, zo‘rg‘a hujumni qaytaradi. Bundan xabar topgan Chustdagi Skobelev shoshilinch ravishda qaytib, 26-oktabrda Namanganga kelib, ertasi kuni vatan himoyachilariga qarshi hujum boshladi va shaharning bir qismini ostin-ustin etdi.
1875-yil noyabrining oxirida esa Po‘latxon Asakadan chiqib, Marg‘ilonga o‘rnashdi. Biroq bu yerda ko‘p kishini o‘ldirgani sababli mavqei ancha pasayib ketdi. Po‘latxon uning xonlik maqomining qalbakiligidan norozi bo‘lgan guruhlarni shafqatsizlarcha jazolagan, o‘z safdoshlarini ham o‘ldirtirgan. Po‘latxon Qo‘qon xonligining sharqiy qismida joylashib, bosqinchilar bilan bo‘ladigan urushga tayyorgarlik ko‘rib bordi. O‘z navbatida, Namangan bo‘limi boshlig‘i va qo‘lga kiritgan qator g‘alabalari uchun general unvonini olgan Skobelev ham bo‘lajak jangga hozirlikni jadallashtirdi.
1875-yil 25-dekabrda general Skobelev Namanganda bir qism qo‘shinlarini qoldirib, Andijonga yo‘l oldi. U Norin daryosi orqali Poytug‘gacha bordi. General Skobelev Qoradaryoni kechib o‘tib, 1876-yil 3-yanvarda o‘zining barcha harbiy qismlarini Andijondan 5 chaqirim masofadagi Mirravot degan yerga joylashtirdi. Bu vaqtda Andijonda Abdurahmon oftobachi boshchiligida 20 ming qurollangan xalq lashkari, 5000 sarboz va bir qancha otliq to‘plangandi.
General Skobelev 4-7-yanvar kunlari Andijon shahrini o‘rganib chiqib, otryadini Oqchaqmoq tepaligiga joylashtirdi. 8-yanvarda boshlangan hujum oqibatida, shahar markazi egallandi. Himoyachilarning katta qismi Asakaga qochdi. Qo‘shin 9-yanvarda qarshilikka uchramadi, lekin xalq bo‘ysunganini izhor etmagani uchun shahar ertalabgacha to‘plardan o‘qqa tutildi. 11-yanvar kuni shahar vakillari kelib, taslim bo‘lganliklarini ma’lum qildilar.
1876-yilning 18-yanvardan Asaka ham to‘plardan o‘qqa tutildi. Himoyachilar Marg‘ilon yo‘lida yana qattiq hujumga uchradi.
Qo‘qon xonligi mustaqilligining tugashi
Farg‘ona vodiysida urushlar avjiga chiqqan 1876-yil yanvar oyida Kaufman Sankt-Peterburgga keldi va tashqi ishlar vazirligini chetlab o‘tib, Qo‘qon xonligining to‘liq yo‘q qilishga imperator Aleksandr II dan ruxsat oldi. U tezlikda Toshkentga telegramma yuborib, Skobelevga Qo‘qonni butunlay bosib olishga tayyorgarlikni boshlashni buyurdi. 24-yanvar kuni Marg‘ilon yo‘lidagi mag‘lubiyatdan so‘ng bir qancha qo‘zg‘alonchilar rahbarlari qatorida Abdurahmon Oftobachi ham taslim bo‘ldi.Bu vaqtda Marg‘ilonda Po‘latxon qo‘l ostida ko‘pming sonli vatan himoyachilari to‘plangan edi. Biroq u rus qo‘shinining kelayotganini eshitib, 5000 otliq va qisman piyoda askarlar hamda 5 to‘p va 200 tuyaga ortilgan yuklar bilan Uchqo‘rg‘onga ketdi. Rus qo‘shini Po‘latxonning izi bilan yurib, 1876-yilning 28-yanvarida Uchqo‘rg‘onni qurshab oldi. Qurshovdan qochgan Po‘latxon avval Oloy vodiysidagi Darautqo‘rg‘on degan joyga keladi, bu yerda Qorategin hokimi hujumiga uchrab, Chavayga qochadi va u yerda qo‘lga olinib rus hukumati vakillariga topshiriladi.
Endi xonlikning poytaxti olinishi mumkin edi. 1876-yil 5-fevralda Kaufmanning Qo‘qon xonligini Rossiya imperiyasiga qo‘shib olish va Qo‘qon shahrini egallash haqida yuborgan telegrammasiga asosan Xo‘jand, Andijon va Toshkentdan harbiy qismlar Namanganga jo‘natiladi. General Skobelev qo‘shin bilan Namangandan chiqib, 8-fevralda shaharga kiradi va osonlik bilan egallaydi.
1876-yilning 19-fevralida hozirgi hisob bo‘yicha 3-mart kuni Qo‘qon xonligi rasman davlat sifatida tugatilib, Turkiston general-gubernatorligi tarkibida Farg‘ona viloyati tashkil etildi. Ushbu sana Rossiya impriyasida 1918-yil 26-yanvarga qadar amalda bo‘lgan Yulian kalendari bo‘yicha hisoblangan bo‘lib, hozir dunyoda qabul qilingan Grigorian kalendari bo‘yicha bu sana 1876-yil 3-martga to‘g‘ri keladi.
Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligini bosib olish uchun 3 yil sarfladi, 1873-1876-yillar davomida qattiq qarshilikka uchradi. Biroq kuchlar teng emas edi. Kuchli harbiy texnika, harbiy ta’lim ko‘rgan rus askarlari xonlik va qo‘zg‘alonchilar qo‘shinlari bilan janglarda katta ustunlik bergan. Bu jangga kirgan rus va mahalliy qo‘shinlar soni, ko‘rilgan talafotlarga e’tibor berilsa, yaqqol namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari o‘zi har jihatdan rus harbiy qo‘shinlaridan kuchsiz bo‘lgan qo‘shinlarning tarqoq harakat qilishi, xonlarning mudofaani tashkil eta olmagani, dunyo ilm-fanidan bexabarlik, qoloqlik ham mag‘lubiyatni tezlashtirdi.
Sharofiddin Hoshimjonov tayyorladi.
Izoh: Maqolaning dastlabki tahriri oxirgi ikki xatboshisida “1873—1876-yillar” deb ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan o‘rinlar xatolik sabab “1973—1976-yillar” ko‘rinishida yozilgan edi. Ushbu xatolik mushtariylar yordamida tuzatildi. Xatolik uchun uzr so‘raymiz.
Izoh (0)