Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Sanitariya-epidemiologiya xizmati binosini qurish va ta’mirlashdagi talon-torojlik fosh etildi.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida “O.S.” nomli MChJ rahbari va boshqalar Qo‘shrabot tumanidagi Sanitariya-epidemiologiya xizmati binosida amalga oshirilgan qurilish ishlari bo‘yicha hisob-fakturalarga amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 281,2 million so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat rahbari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Buxoro viloyat Sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi bosh shifokori 200 million so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilgani fosh etilgani, Namanganda 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgan shifokorlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.