Samarqand viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan 7 milliard so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani xabar qilingan edi. Ushbu qonunbuzilish yuzasidan Samarqand viloyati hokimligi Moliya bosh boshqarmasi axborot xizmati “Daryo”ga viloyat Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi, Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi hamda Moliya bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan tekshirish xulosalarini taqdim etdi.

Ta’kidlanishicha, koronavirus pandemiyasining dastlabki davrida viloyatda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar sonining keskin oshib ketishi o‘z navbatida dori-darmon va dezinfeksiya vositalariga bo‘lgan talabning ortishiga olib kelgan. Natijada narxlarning qimmatlashishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Budjet muassasalarida bemorlar sonining keskin oshib ketishi natijasida bemorlarga zarur dori-darmon va dezinfeksiya vositalarini qisqa muddatlarda yetkazib berish zarurati yuzaga kelganligi sababli ta’minotchi korxonalardan tender savdolarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishni keltirib chiqargan.

2020-yil avgust oyidan boshlab kasallikka chalingan bemorlar sonining keskin kamayishi o‘z navbatida dori-darmon vositalariga bo‘lgan talab hamda narxlarning pasayishiga olib kelgan. O‘rganish natijasida, viloyatdagi sog‘liqni saqlash muassasalarida xarid qilingan dori-darmon va dezinfeksiya vositalari narxlarida 5 milliard 643 million 300 ming so‘mlik tafovut qayd etilgan.

Shuningdek, Samarqand viloyat Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi tomonidan pandemiya davrida xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha haq to‘lashda budjet tashkilotlari tomonidan me’yoriy hujjatlarning noto‘g‘ri qo‘llanilishi va boshqa holatlar natijasida 1 milliard 384 million 200 ming so‘mlik ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Jumladan, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalari tomonidan koronavirus infeksiyasini davolashda ishtirok etgan tibbiyot xodimlariga Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-martdagi farmoniga asosan xodimlarga ishlagan stavkadan tashqari ortiqcha 130 million 600 ming so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar to‘langan.

Tibbiyot muassasalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-iyuldagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlashga jalb qilingan tez tibbiy yordam xodimlarini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori talablariga rioya qilinmasdan tez tibbiy yordam chaqiruv brigadalari tarkibida bo‘lmagan 48 nafar xodimga (kichik tibbiy xodimlar, bo‘lim boshliqlari, chaqiriqlarni qabul qiluvchi-uzatuvchi hamshiralar, bo‘lim bekalari va boshqalar) 324 million 500 ming so‘mlik moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari noto‘g‘ri to‘lab berilgan.

Tibbiyot muassasalari tomonidan xodimlarga karantin tadbirlarida ishtirok etgan davrida ish haqlarini budjetdan moliyalashtiriladigan barcha vazirlik, idoralar va muassasalar rahbarlariga yuborilgan ko‘rsatma xati talablariga rioya qilinmasligi oqibatida 129 million 700 ming so‘mlik mablag‘lar xodimlarga ortiqcha to‘lab yuborilgan.

Tibbiyot muassasalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-martdagi farmoniga binoan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom talablariga amal qilinmasdan 538 million 800 ming so‘mlik mablag‘lar boshqa turdagi xarajatlarga maqsadsiz sarflangan.

Shuningdek, tibbiyot muassasalarining hisob varag‘ida tekshirish o‘tkazilgan davrda 260 million 600 ming so‘mlik mablag‘lar qoldig‘i mavjudligi aniqlangan. Aniqlangan ortiqcha to‘lovlar to‘lig‘icha undirilib, jamg‘armaga tiklanishi ta’minlangan.