Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Davron Hidoyatov xizmat uyiga ko‘chib kirganiga bir hafta bo‘lmay chiroq o‘chganini ma’lum qildi, deb yozmoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
“Surishtirsam, qarzdorlik bor ekan. Mendan avval bu uyda yashaganlar elektr haqini to‘lamagan. Menga aytishdiki, farmoyish bilan hokimiyat hisobidan bu qarzdorlikni bartaraf etish mumkin... Nega? Hokimiyat uy-joy bilan ta’minlashi mumkindir, lekin kommunal xizmatga to‘lovni u hokim bo‘ladimi, prokuror bo‘ladimi, shaxsan o‘zi amalga oshirishi kerak. Nega amaldor ishlatgan elektr budjetdan, xalq pulidan qoplanishi kerak? Men bunaqa farmoyishlarga qo‘l qo‘ymayman”, — degan Davron Hidoyatov.
Eslatib o‘tamiz, Davron Hidoyatov Prezidentning 30-yanvardagi farmoni bilan lavozimidan ozod etilgan Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovning o‘rniga viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi. Tayinlovga qadar u Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Barhayot Meliyev, hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Zuhra Mirg‘oziyeva tayinlandi.