Shimoliy Koreya xalqaro COVAX dasturi doirasida koronavirusga qarshi 1,7 million dozadan ortiq vaksina oladi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
COVAX dasturining vaksinalarni tarqatish rejasiga muvofiq, fevral oyidan may oyigacha Shimoliy Koreyaga AstraZeneca kompaniyasining 1 million 704 ming doza vaksinasi yetkazib beriladi. Bu 852 ming kishini emlash uchun yetarli.
Shimoliy Koreya koronavirusga qarshi vaksinani teng yetkazib berish bo‘yicha COVAX dasturining rejasiga kiritilgan 92 ta kam ta’minlangan davlatlardan biri hisoblanadi.
Shimoliy Koreya hukumati koronavirus bilan zararlanish holatlari haqida xabar bermagan, lekin 2020-yil boshidan beri virusga qarshi qattiq choralar ko‘rilmoqda, chegaralar yopib qo‘yilgan.