Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan bosh vazir Nikol Pashinyanning Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i Onik Gasparyanni ishdan bo‘shatish haqidagi taklifini imzolashdan bosh tortdi, deb yozadi Meduza prezident matbuot xizmatiga tayanib. Gasparyan bosh vazir iste’fosini talab qilgan edi.

Foto: DW

Bosh shtab boshlig‘ini ishdan bo‘shatish haqidagi buyruq loyihasini prezident apparati o‘rganib chiqqan hamda huquqshunoslar va ekspertlar bilan batafsil muhokama qilingan. Ular tashabbus “butunlay Konstitutsiyaga zid” degan xulosaga kelgan.

Bayonotda aytilishicha, Armaniston prezidenti “hech qanday siyosiy kuchni qo‘llab-quvvatlamaydi” va “faqat milliy manfaatlar”dan kelib chiqadi. Shuningdek, ta’kidlanishicha, “qurolli kuchlar siyosiy masalalarda neytral (betaraf) bo‘lib qolishi kerak”.

“Shu narsa aniq-ravshanki, Tog‘li Qorabog‘dagi urush munosabati bilan Qurolli kuchlarning shaxsiy tarkibi bizning ko‘magimizga va e’tiborimizga har qachongidan ko‘ra ko‘proq ehtiyojmand… Joriy vaziyat misli ko‘rilmagan bo‘lib, tizimli va kompleks yechimlarni talab qiladi, mamlakatda joriy vaziyatni hisobga olmasdan turib, personalni tez-tez almashtirish yo‘li bilan hal qilib bo‘lmaydi”, — deyiladi bayonotda.

Shundan keyin Nikol Pashinyan prezident Armen Sarkisyanga Bosh shtab boshlig‘ini ishdan bo‘shatish haqidagi arznomani qaytadan yuborganini ma’lum qildi. “Respublika prezidenti Bosh shtab boshlig‘ini ishdan bo‘shatish haqidagi buyruq loyihasini bosh vazir apparatiga qaytarib yuborishga qaror qildi. Bu qaror hech ham vaziyatni hal qilishga yordam bermaydi”, — deb yozdi u o‘z Facebook sahifasida. U tegishli tartibda ishdan bo‘shatish haqidagi arznomani yana prezidentga yuborganini aytdi. “Buyruq belgilangan tartibda imzolanishini kutmoqdaman”, — dedi bosh vazir.

U o‘z vatandoshlarini Yerevandagi Respublika maydoniga mitingga chiqishga chaqirdi. “1-mart, dushanba kuni soat 18:30 da (Toshkent vaqti bilan 19:30) barchani miting va yurish bo‘lib o‘tadigan Respublika maydoniga taklif qilaman”, — deb yozdi Pashinyan Facebook’dagi sahifasida.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan prezidentga Bosh shtab rahbari Onik Gasparyanni lavozimidan bo‘shatishni taklif qilishiga uning yuqori mansabli harbiy xizmatchilarning Pashinyandan iste’foga chiqishni talab qiluvchi bayonotini imzolashi sabab bo‘ldi. Bosh vazir harbiylarning xatti-harakatlarini davlat to‘ntarishiga urinish deb atadi. Yerevanda uning tarafdorlari va unga qarshi bo‘lganlarning mitinglari boshlandi.

Agar Armaniston bosh vaziri prezidentga Qurolli Kuchlarning oliy qo‘mondonlik tarkibi vakilini ishdan bo‘shatish haqidagi qonunchilik akti bilan murojaat qilsa, prezident uch kun ichida aktni bosh vazirga e’tiroz bilan qaytarishi mumkin. Agar u e’tirozni qabul qilmasa, prezident aktni imzolashi yoki Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishi kerak bo‘ladi.