Britaniyalik aristokrat, qirolicha Yelizaveta II’ning nevara jiyani, Stratmor va Kinghorn grafi Saymon Bouz-Layon jinsiy zo‘ravonlik qilishga uringani uchun o‘n oy qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi.
U o‘zlarining Shotlandiyadagi avloddan avlodga o‘tib keluvchi Glemis qasriga mehmon bo‘lib kelgan qizga tajovuz qilganini tan oldi.
Sud jarayonida aniqlanishicha, 2020-yilning fevral oyida 34 yoshli graf uxlayotgan mehmonning xonasiga kirgan va kiyimlarini yirtib tashlashga uringan. Qiz bunga qarshilik ko‘rsatib, grafni eshikdan chiqarib yuborgan va yordam chaqirishga muvaffaq bo‘lgan.
Sherif Alister Karmayklning so‘zlariga ko‘ra, qiz haligacha qo‘rqinchli tushlar ko‘rmoqda.
Tergov-surishtiruv ishlarida Shotlandiya politsiyasi va Skotlend-Yard ham qatnashdi.
Saymon Bouz-Layon qizdan, uning oilasidan va hamkasblaridan uzr so‘rab, o‘z harakatlarini kuchli mastlik holati bilan izohladi. “Mening bunday ishga qo‘lim boradi, deb o‘ylamagan edim, lekin haqiqat bilan yuzma-yuz bo‘lishga va sodir bo‘lgan voqealar uchun javobgarlikni o‘z zimmamga olishga to‘g‘ri keldi”, — dedi graf.
Saymon Bouz-Layon Yelizaveta II’ning onasiga qarindosh bo‘lib, qirolichaning onasi graf Klod Bouz-Layonning qizi edi. 2016-yil otasining o‘limidan keyin Saymon Stratmorning 19-grafi unvonini va Britaniya parlamenti lodrlar palatasi a’zoligini meros qilib oldi.
Izoh (0)