Xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida deputatlarga yangi prokuror ham tanishtirildi. Mazkur lavozimga Xurshid Odilov munosib ko‘rildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Xurshid Odilov 1981-yili Andijon viloyatida tug‘ilgan. 2004-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

2004—2018-yillarda Paxtaobod va Asaka tumanlari prokuraturasi, Andijon viloyat prokuraturasida faoliyat yuritgan, Ulug‘nor tumani prokurori bo‘lgan.

U 2018-yildan hozirga qadar Namangan viloyatining Chust tumani prokurori lavozimida ishlab kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida “Bunyodkor” mahallasida bo‘lib, shahar hokimi va hududga mas’ul prokurorga “Mahalla ahvolini qaranglar, bu sizning yuzingiz”, deya tanbeh bergan edi.

Bundan avval Namangan hokimi bugundan boshlab Prezident holatini tanqid qilgan mahallada yashashini ma’lum qilgani, “to‘rtligi” lavozimidan ozod qilingan Uychi tumaniga yangi hokim tayinlangani hamda Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga yangi boshliq tayinlangani, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari G‘ofur Jamolov Namangan shahri hokimi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.