Namanganda Xalq deputatlari Uychi tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Uychi tuman hokimligi axborot xizmati

Sessiyada tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishdagi muammolar muhokama qilindi va tashkiliy masala ko‘rildi.

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov tuman hokimligiga shu paytga qadar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Muhammadzokir Mamatxonov nomzodini taklif qildi.

Foto: Uychi tuman hokimligi axborot xizmati

Deputatlar va faollar nomzodni ma’qulladi hamda u haqdagi fikrlarini bildirdi.

Foto: Uychi tuman hokimligi axborot xizmati

M. Mamatxanov 1974-yilda Namangan viloyatining Pop tumanida tug‘ilgan. 2006-yilda Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti, 2012-yilda Prezident akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

1998—2016-yillarda Pop, Chust, Norin tumanlari, Namangan shahri va Namangan viloyat davlat soliq inspeksiyalari, Namangan viloyati hokimligi va Uychi tumani hokimligida turli vazifalarda mehnat qilgan.

2016—2017-yillarda Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi bo‘lgan. 2018-yildan 2020-yilga qadar Namangan viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

Muhammadzokir Mamatxonov 2020-yil 16-iyuldan beri Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 19-fevral kuni o‘tkazilgan xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Uychi tumani rahbariyatining faoliyatidan qoniqmasligini ta’kidlab, keskin tanqid qilgandi. Tumandagi 4 ta sektor rahbari yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, tuman iqtisodiy ko‘rsatkichlari yaxshilanmagani, topshiriqlarni bajarmagani uchun vazifasidan ozod qilingandi.