Xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Sessiyada viloyat markazida bugungi kunda mavjud muammolar muhokama qilindi. Jumladan, shahar sektorlari rahbarlarining reytingdagi o‘rinlari pastligi, eksport rejalari bajarilmagani, bandlik, mahallalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga yetarlicha e’tibor qaratilmagani tanqid qilindi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Namangan shahri hokimligiga shu paytga qadar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan G‘ofur Jamolov nomzodini taklif qildi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

Deputatlar va faollar nomzod yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. Nomzod ular tomonidan ma’qullandi.

Ma’lumot uchun, G‘ofur Jamolov 1974-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1997-yilda Namangan sanoat-texnologiya institutini, 2006-yilda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

U 1997—2009-yillar davomida Namangan shahri va Namangan viloyati hokimliklarida turli mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan. 2009—2020-yillarda Iqtisodiyot vazirligi bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i, uy-joy, kommunal xizmat vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

G‘ofur Jamolov 2020-yildan to shu kunga qadar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida “Bunyodkor” mahallasida bo‘lib, shahar hokimi va hududga mas’ul prokurorga “Mahalla ahvolini qaranglar, bu sizning yuzingiz”, deya tanbeh bergan edi.

Bundan avval Namangan hokimi bugundan boshlab Prezident holatini tanqid qilgan mahallada yashashini ma’lum qilgani, “to‘rtligi” lavozimidan ozod qilingan Uychi tumaniga yangi hokim tayinlangani hamda Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga yangi boshliq tayinlangani haqida xabar berilgandi.