Buyuk Britaniya hukumati eski mashinalaridan voz kechishga rozi bo‘ladigan britaniyaliklarga pul to‘lash bo‘yicha takliflarni tayyorladi, deb yozadi Motor. Bu kabi avtomobil egalari 3 ming funt sterlinggacha pul olishlari mumkin — faqat mablag‘lar yana transport vositalari uchun sarflanishi kerak.

Foto: Pixabay

Britaniya shaharlaridagi ekologik vaziyatni yaxshilashga, shuningdek, aholining shaxsiy avtomobillarga bo‘lgan qaramligini kamaytirishga qaratilgan bu kabi dastur bahordan boshlab Koventrida ishga tushadi. Uning doirasida 2016-yilga qadar ishlab chiqarilgan dizel avtomobillar va 2006-yilgacha konveyrdan chiqqan benzinda harakatlanuvchi avtomobil egalariga o‘z transport vositalaridan voz kechish taklif etiladi.

Buning evaziga hukumat eski mashina egalariga 3 ming funt miqdorida subsidiya to‘laydi. Bu pullarni ular jamoat transportidan foydalanishga, karshering yoki taksi xizmatiga, bundan tashqari, ekologik avtomobillar — velosiped va elektroskuterlar xarid qilishga sarflashlari mumkin.

Buyuk Britaniya Transport vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda mamlakat aholisi o‘zlarining shaxsiy avtomobillarida 574 milliard kilometr yo‘l bosgan, ushbu ko‘rsatkich besh yil oldingi natijalardan 11 foizga ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning iyunida Britaniyada elektromobil foydasiga oddiy mashinasidan voz kechganlarga 7,6 ming dollardan to‘lanishi to‘g‘risida xabar berilgandi.